XOTIRA VA QADRLASH KUNIDA AMUDARYOLIK MЕHNAT FRONTI FAXRIYLARIGA SOVG‘ALAR TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatiladi. Shu munosabat bilan amudaryolik bir guruh mutasaddilar tumanimizning barcha ovul va mahallalarida bo‘lib, mehnat fronti faxriylari holidan xabar oldilar.

9 may kuni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ham tuman hududidagi mehnat faxriylari xonadonlariga tashrif buyurdi.

Tumanimizda 50 nafarga yaqin mehnat fronti faxriylari yashab kelmoqda. Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev hududlarga borib bugungi zamonamiz qahramonlari holidan xabar oldi va ular bilan mash’um urush yillaridagi xotiralari haqida suhbatlashdi. Bayram munosabati bilan sovg‘alar berib, o‘sha yillardagi zalvorli mehnatlar evaziga bunyod bo‘lgan bugungi tinch va osoyishta hayot uchun ularga minnatdorchilik bildirdi. Tashrif davomida maktab o‘quvchilari urush yillaridagi qo‘shiqlarni kuylab, tinchlik haqida she’rlar aytib, nuroniylar ko‘nglini xushnud etdilar.

Ma’lumki, Prezidentimizning 1 maydagi tegishli Farmonida 9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan berish ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga yolg‘iz yashayotgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj odamlardan shaxsan xabar olib, ularga sovg‘a-salomlarni yetkazish, urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarning har birining xonadoniga shaxsan borib, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni  tantanali ravishda topshirish, 10 ming nafar front ortida mehnat qilgan faxriylar bilan shaxsan uchrashib, holidan xabar olish va sovg‘a-salomlar yetkazish topshirildi.

Shunga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshlig‘i Maryam Ahmedova ham Amudaryo tumani hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova bilan birgalikda amudaryolik yuz yoshdan oshgan onaxonlar holidan xabar olishdi.

Xizr eli mahallasida istiqomat qiluvchi 107 yoshli onaxon Parda Bekniyozova hamda Choyko‘l ovulida yashovchi 105 yoshli Katcha Bekanovalarga esdalik  sovg‘alarini topshirishdi. Mehmonlar onaxonlarni 9 may — Xotira va qadrlash kuni bayrami bilan muborakbod etib, urush davrida va urushdan keyingi yillarda mehnat frontida qilgan mashaqqatli xizmatlarini e’tirof etishdi. Xalqimizning bugungi tinch va osoyishta zamonlarga yetib kelishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan mehnat fronti faxriylariga esdalik sovg‘alarini topshirishdi.

Shuningdek, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov ham tuman hududidagi front orti mehnat faxriylari holidan xabar olish uchun ularning xonadonlariga tashrif buyurdi. Prokuror faxriylar bilan suhbatlashib, bayram bilan tabrikladi. Ularga Vatan tinchligi yo‘lidagi xizmati va fidokorona mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirib, sovg‘alar topshirdi.

Shu kuni Milliy gvardiyaning tumandagi Qo‘riqlash bo‘limi, tuman Ichki ishlar bo‘limi, davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiylari va fuqarolar yig‘ini mas’ullari Do‘rman ovulida yashovchi 90 yoshdan oshgan Yo‘ldosh bobo Matmurodovning xonadoniga tashrif buyurdilar.

Urushda mardlarcha qahramonlik ko‘rsatgan faxriylarimizning yurtimiz tinchligi uchun chekkan zahmati, urush orti mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatib, hayot qiyinchiliklarini sabot bilan yenggan ota-bobolarimizning mashaqqatli hayoti biz uchun haqiqiy ibrat maktabidir.

Ozoda Xudoyberganova