Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini munosib tarzda o‘tkazishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mahalla raislari saylovi – mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqelik sanaladi. Ma’lumki, 2022 yil 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati Kengashining yig‘ilishida fuqarolar yig‘inlari raislarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi hamda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq saylov joriy yilning may oyida o‘tkazilishi belgilangan edi.

Ushbu qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida mavjud 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.

Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini demokratik tamoyillarga rioya qilgan holda munosib tarzda o‘tkazish maqsadida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi a’zolari, hamda mahallalardagi ishchi guruhlar uchun o‘quv seminarlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Shunday seminarlardan biri 10 may kuni tuman hokimligining katta majlislar zalida Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi a’zosi Maryam Ahmedova hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi Ilhom Matchanov boshchiligida bo‘lib o‘tdi.

Seminarda dastlab saylov jarayonlarini qonun talablari asosida tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Mo‘minjon Matyusupovning saylov jarayonlarini qonun talablari asosida o‘tkazish, fuqarolarning saylovda ishtirok etishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha tavsiyalari tinglandi.

Seminar davomida tuman hokimligining tashkiliy nazorat guruhi yetakchi mutahassisi Azat Almuratov ishchi guruh vakolatlari va majburiyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, ishchi guruh saylovni tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi. Saylov o‘tkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi. Hovlilar, uylar, ko‘chalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi bo‘yicha umumiy yig‘ilishlarini tashkil etadi va o‘tkazadi.

 

Seminar davomida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi raisi G‘ulomjon Yeshniyozovning aholini saylovga jalb qilish hamda saylov jarayonlarini keng yoritish bo‘yicha ma’ruzasi tinglandi.

Shundan so‘ng Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayevning saylovni o‘tkazish tartibi, ovoz berish shakli hamda yakuniy natijalarni chiqarish borasidagi ma’lumotlari tinglandi. Qayd etilganidek, ovoz berish jarayoni yashirin tarzda, maxsus kabinalarda amalga oshiriladi.

Shundan so‘ng, seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mas’ullarga murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldilar.

Shu o‘rinda aytish kerakki, bu galgi saylovlar mamlakatimiz rivojlanishining yangi bosqichida, jumladan, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch omiliga aylantirish borasidagi muhim islohotlar davrida o‘tkazilayotgani va ushbu yilning ham “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlangani mahallaning Vatan taraqqiyotida katta ahamiyatga ega ekanligini yaqqol namoyon qiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati