G‘ALLA O‘RIMIGA TЕXNIKALAR TAYYORGARLIGIGA BAG‘ISHLANGAN KO‘RGAZMALI SЕMINAR BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Tumanimizda g‘allachilik bo‘yicha 2 ta klaster – “Qipchoq g‘alla klaster” va “Amu Rich Xarvest” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 344 ta fermer xo‘jaliklarida jami 6000 gektar g‘alla maydoni mavjud.

2021 yil kuzida 2022 yil hosili uchun g‘alla ekilgan ushbu maydonlardagi barcha bug‘doy maysalari hozirgi kunda boshoqlash fazasida rivojlanmoqda. Shu kungacha bug‘doyzorlar agrotexnika qoidalari asosida parvarish qilindi.

Hozirgi kungacha g‘alla maydonlarini har gektariga 200 kilogramm hisobida uchinchi marta azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Begona o‘tlarga, zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik ishlov berildi. Natijada barcha maydonlarda yuqori hosil to‘planishiga erishildi.

Yaqin kunlar ichida joriy qishloq xo‘jaligi yilining ilk hosili – g‘alla o‘rim-yig‘imiga kirishiladi. Bu jarayonda texnikalar kuchidan – kombaynlar, transport traktorlaridan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imini namunali tashkil etish, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish yuzasidan qizg‘in tayyorgarliklar olib borildi.

Shu yilning 12 may kuni “Agroservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ustaxonasida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda ham texnikalarning mavsumga tayyorgarligi ko‘rib chiqildi.

Tadbirga tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev, “O‘zAgroinspeksiya” Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Anvar Yo‘ldoshev, tumandagi sektorlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi mutasaddilari, dehqon, fermer va tomorqa yer egalari Kengashi mas’ullari, fermer xo‘jaliklari raislari hamda fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi korxona-tashkilotlar rahbarlari, kombaynlar boshqaruvchilari ishtirok etdilar.

Ko‘rgazmali seminarni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev ochdi va yaqinlashib kelayotgan mas’uliyatli mavsum - g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan tashkil etish  borasidagi vazifalarga keng to‘xtaldi. “O‘zAgroinspeksiya” Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Anvar Yo‘ldoshev xalqimizning rizq-ro‘zi, dehqonlarimiz fidoyi mehnatlari evaziga yaratilgan g‘alla hosili  yig‘im-terimi mavsumida ishtirok etadigan barcha korxona-tashkilotlar rahbarlariga ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Tadbirda joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumida 16 dona yuqori unumli o‘rim kombaynlari ishtirok etishi, shularning barchasi “Agroservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyati ustaxonasiga ta’mirga tortilib, to‘la ta’mirlanib, tayyorlov chizig‘iga qo‘yilganligi va sertifikat asosida qabul qilib olish ishlari amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, o‘rim kombaynlari mavsum oldidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, yong‘inga qarshi vositalar bilan jihozlangani, kombayn operatorlari va otryad a’zolarining favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda qanday harakat qilishi, xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar, yong‘inlarning oldini olish yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar berildi.

Ko‘rgazmali seminarda g‘alla o‘rimiga tayyorgarlik bo‘yicha mavjud kamchiliklar ham tilga olinib, ularni bartaraf etish mas’ullarga topshirildi. Shuningdek, g‘alla o‘rim-yig‘imida ishtirok etadigan 16 ta kombaynlar operatorlariga mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan rag‘bat sifatida un, moy kabi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.

O.RAJABOVA.