Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 49-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2022 yil 14 may kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 49-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani tuman hokimi, Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 15-“Xolimbeg” saylov okrugidan deputat Abdiqadir Tulovmuratov saylandi.

Sessiyada dastlab, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi Farmonining ijrosi to‘g‘risida tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Mo‘minjon Matyusupovning axboroti tinglandi.

Mo‘minjon Matyusupov kun tartibidagi masala yuzasidan tumanda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berib, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyaning tumandagi ijrosi bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Islom Matkarimovning hisoboti tinglandi.

Hisobotda keltirilishicha, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tumanda fermer xo‘jaliklarining yerdan foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan  yer maydonlari hisobidan fuqarolarga 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda jami 2 ming 242 gektar ekin maydonlarini 2022-2025 yillarda bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarish rejalashtirilgan.

Shundan joriy yilda jami 897 gektar yer maydonlari ishsiz axoliga ajratib beriladi. Shuningdek, keyingi yillarda kuzatilayotgan suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha tumanda tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy qilish ishlari samarali tarzda amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1 ming 67 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunining tumandagi ijrosi haqida tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari Fotima Eshimbetovaning axboroti tinglandi.

Axborotda tumandagi korxona va tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan ma’lumotlar haqida batafsil to‘xtab o‘tildi. Shuningdek, axborotda tumanning ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y berayotgan voqea va hodisalar ijtimoiy tarmoqlarda sifatli hamda tezkor yoritilib kelayotganligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Fahriddin Abdullayevning Muhtaram Prezidentimiz raisligida shu yil 5 may kuni tibbiyot sohasi xodimlari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning tumandagi ijrosi bo‘yicha xisoboti tinglandi.

Ta’kidlangandek, tez tibbiy yordam bo‘limi samaradorligini oshirish hamda shifokorlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida tumanda ko‘plab islohatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda To‘lqin oilaviy shifokorlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, tumanning 11 ta chekka mahallalariga konteynerlar o‘rnatilmoqda.

Sessiya davomida tumanda xotin-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash va muammolarining hal etilishi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida tuman hokimining o‘rinbosari Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburovaning xisoboti tinglandi.

Hisobotda “Ayollar daftari”da turuvchi kasbga o‘qitilgan, bandligi ta’minlangan shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik yordam berilgan ayollar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, sessiya ishida tuman mahalliy budjeti mablag‘larining 2022 yil 1-chorak davomida sarflanishi haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan tuman Moliya bo‘limi mudiri Ulug‘bek Bekniyazov hisobot berdi. Hisobotda keltirilishicha, 1-chorak davomida budjet xarajatlari rejasiga kiritilgan o‘zgarishlardan keyin tuman mahalliy budjetidagi mablag‘lar 65 mlrd. 711,4 mln so‘mni tashkil qilib, 1-chorak davomida budjet mablag‘lari xarajatlari hisobidan jami 62 mlrd 810,6 mln so‘mlik mablag‘lar sarflangan.

Sessiya ishida aholidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida hokim yordamchilari faoliyatining samaradorligini o‘rganish bo‘yicha tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabovning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 81,8 foizi qanoatlantirilgan, shundan 24,7 foizii jobiy hal qilingan bo‘lsa, 57,1 foiz murojaatlarga huquqiy maslahat va tushuntirishllar berilgan. Shuningdek hokim yordamchilari tomonidan aholi bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish, aholining tadbirkorlik qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berib o‘tildi.

Sessiya kun tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga hududlarda “Yashil makon” va “Yashil bog‘” loyihalarini amalga oshirish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayevning taklifi ko‘rib chiqildi.

Sessiya kun tartibida Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablarda bo‘shab qolgan direktorlik lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha nomzodga kelishim berish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

37-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga G‘ayrat Jumanazarov nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Sessiya davomida nomzodning kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan dasturi tinglanib, ochiq ovoz berish jarayoni orqali Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining nomzodga kelishim berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Shuningdek, sessiya ishida Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhoka qilinib, ular yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmat