YANGIOBOD MAHALLASIDA XOTIN-QIZLAR UCHUN SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalari tomonidan “Ayollar daftariga” kiritilgan huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatish yuzasidan mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasining ijrosini ta’minlash maqsadida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.

Shu yil 10 iyun kuni Amudaryo tumanidagi Yangiobod mahallasida ham ushbu chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi mas’ullari, fuqarolar yig‘inlari raislari, Yangiobod, Farovon, Boy ovul va Durunki mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda Bobur, Jumur ovul, Jumurtov va Kuyuk ko‘pir ovul fuqarolar yig‘inlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, shu hududlarning faol ayollari qatnashishdi.

Ta’kidlanganidek, Amudaryo tumanidagi 49 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi aholi soni 204 ming 738 nafarni tashkil qiladi. “Ayollar daftari”ga shundan 3810 nafar xotin-qiz ro‘yxatga kiritilgan. Ro‘yxatda turgan ayol-qizlarga manzilli ravishda har tomonlama ko‘mak berib kelinmoqda.

Tadbir davomida sud mas’ullari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvardagi “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Ayollar daftari”ni yuritish bo‘yicha vaqtinchalik tartibning mazmun-mohiyatini tushuntirib o‘tdilar.

Shu bilan birga jamiyatda turli qiyinchilik va muammolarga duch kelayotgan xotin-qizlarning qonun va qonunosti hujjatlar talabini to‘liq bilmasligi, ularga berilgan qonuniy imtiyozlardan bexabar ekanligi yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarning asosiy sabablaridan biri ekanligi ta’kidlanib, amaldagi qonun hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji bor bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarga “Ayollar daftari” asosida ishga joylashtirish va ijtimoiy yordam berish tartibi ham tushuntirildi.  

Shuningdek, qabulga kelgan xotin-qizlar ishga joylash, moddiy yordam, uy-joy, oilaviy nizolar masalalarida murojaat qilishdi. Murojaatlarning har biriga alohida e’tibor qaratildi va o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, imkon qadar va qonun doirasida hal qilish choralari ko‘rildi.

Shu kuni tuman hududidagi fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda 18 nafar xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatildi. Murojaatlar asosan ishga joylashish masalasi bo‘yicha, oilaviy munosabatlar, ya’ni aliment, nikohni bekor qilish kabilar bo‘yicha, moddiy yordam olishga doir, uy-joy masalalar yuzasidan qabul qilinib, barchasini hal qilish choralari ko‘rildi.

Tadbirda ishtirok etgan boshqa fuqarolarga ham qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar, tushunchalar berildi. “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan xotin-qizlarga sudyalar tomonidan o‘tkazilgan mazkur sayyor qabul, ko‘rsatilgan huquqiy yordam va berilgan bilimlar ularning muammolarini hal etilishida muhim ahamiyat kasb etdi.

S.Davletmurodov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi.

E.Jumaniyozov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi devonxona mudiri.