Epidemiologik barqarorlik ta’minlanmoqda

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda sanitariya – epidemiologiya muhiti barqarorligini ta’minlash, yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilayotgan doimiy e’tibor aholi salomatligini asrashda muhim omil bo‘layotir. Ayni kunlarda bu yo‘nalishdagi chora – tadbirlar yanada kuchaytirilmoqda. Hududlarda kuydirgi kasalligi va boshqa xavfli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi tabiiy o‘choqlar ustidan doimiy kuztuv ishlari amalga oshirilmoqda. Tegishli idora, tashkilotlar, sanitariya – epidemiologiya, veterinariya sohasi mutaxassislari ishtirokida profilaktika va epidemiyaga qarshi chora – tadbirlar rejasi qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Xususan, Amudaryo tumani Favqulodda epidemiyaga qarshi kurashish komissiyasining “Tumanda kuydirgi va zoonoz o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar chetdan kirib kelishi va tabiiy o‘choqlar tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi masala yuzasidan tuman hokimligi binosida majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda tegishli tashkilot va korxona rahbarlari, mahalla raislari, tuman tibbiyot birlashmasi mudirlari, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi. Xususan, tibbiyot hodimlari hushyorligini oshirish maqsadida joylarda malaka oshirish mashg‘ulotlari, seminar-treninglar, majlislar tashkil etilmoqda. Bu kabi jarayonlarda hodimlar kasallikning profilaktikasi va davolashning samarali usullari yuzasidan tajriba va fikr almashilmoqda

Kuydirgi kasalligi – odamlar va hayvonlarda uchraydigan o‘ta xavfli va yuqumli kasallikdir. Ushbu kasalliklarning asosiy manbalari chorva mollari hisoblanadi. Shu bois profilaktika chora-tadbirlarini avvalo chorva mollari o‘rtasida o‘tkazish, veterinariya punktlari va laboratoriyalarining salohiyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Majlisda so‘zga chiqqanlar kuydirgi va boshqa yuqumli kasalliklarning insonlar orasida uchrashining oldini olish borasida sanitariya – epidemiologiya sohasi va tibbiyot xodimlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani haqida aytib o‘tishdi.

Shuningdek, majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya – epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qutlimuratov qatnashdi va o‘z nutqida bunday muammolar kelib chiqishining oldini olish har bir insondan tibbiy madaniyat va o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishni talab etadi. Buning uchun sog‘lom turmush tarziga, sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘la rioya etish lozim.

Uylarda qoramol boqishda molxonalarni toza tutish, turli infeksiyalarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haamda dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish, hayvonlarni yiliga bir marta yuqorida aytilgan kasalliklarga qarshi emlatish, hayvonlarda biror bir kasallik alomatlari kuzatilganda darhol hududiy veterinariya xizmatiga murojaat etish kerakligi aytib o‘tildi.

Majlis davomida kuydirgi va zoonoz kabi o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning turlariga keng turda misollar keltirilib, ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, majlisda ushbu yuqumli kasalliklarning zararli tomonlari to‘g‘risida tushuntirish bo‘yicha chekka hududlarda ham targ‘ibot tadbirlari uzluksiz ravishda tashkil etish belgilab olindi.

Bugungi kunda aholiga qulaylik yaratish va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish tadbirlarini o‘z vaqtida tashkil etish maqsadida hududlarda sanitariya – epidemiologiya, veterinariya xodimlari, shifokorlar, mahalla faollari hamkorligida maxsus guruhlar tuzilib, hududlarda epidemiologik holatni barqaror saqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu majlisdan ko‘zlangan maqsad yuqumli kasalliklar bo‘yicha ma’lumot berish, epidemiologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat.

Sevara ISMOILOVA, QDU talabasi