O‘quv-amaliy seminarni muvaffaqiyatli yakunlagan hokim yordamchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda Amudaryo tumanidagi 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha 49 nafar hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda tuzilgan memorandumga asosan  9-13 iyun kunlari Beruniy tumanida joylashgan  35-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi binosida Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal’a tumani mahallalarida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari uchun “Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil qilish: mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘llari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Uch kun davom etgan seminarda hokim yordamchilariga malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan aholi bandligini ta’minlash yo‘llari, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirishning moliyaviy manbalari, mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlash, “mahallabay” ishlash tizimi kabi mavzularda batafsil ma’lumotlar berildi.
Qolaversa, ma’ruzachilar tomonidan iqtisodiyot va menejment asoslari yo‘nalishida mahorat darslari tashkil etilib, hokim yordamchilari uchun faoliyatlari davomida zarur bo‘ladigan bilimlar noan’anaviy usullarda tushuntirildi. O‘quv-amaliy seminar 13 iyun sanasida yakunlandi.
Mazkur tumanlar kesimidagi seminarda jami 162 nafar hokim yordamilari o‘z bilimlarini amaliy va keys mashg‘ulotlar asosida yanada mustahkamladilar.
13 iyun kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida o‘quv-kursni yakunlab,  test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan hokim yordamchilariga  sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda Amudaryo tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali  rahbari Gulzira Rizayeva, hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Aziza Xudaynazarovalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida Gulzira Rizayeva tumanda hokim yordamchilari tomonidan  aholinining yashash sharoitini yaxshilash, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik rejalarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etib o‘tdi.
Shuningdek, hokim yordamchilariga xalq xizmatiga doimo shay bo‘lib, sidqidildan mehnat qilishlarida kuch-quvvat va zafarlar tiladi.

 
Tuman hokimligining Axborot xizmati.