Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 50-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2022 yil 16 iyun kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 50-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani tuman hokimi – Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 19-Tor yop saylov okrugidan deputat Bahodir Qurbaniyazov saylandi.

Sessiyada dastlab, yoshlar faoliyati bilan bog‘liq sohalarda uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi to‘g‘risida Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Cardor Ismoilovning axboroti tinglandi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan axborotda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Jumladan, mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyatlari davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvatlash maqsadida ularga ajratilgan subsidiyalar, berilgan moddiy yordamlar, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Qayd qilinganidek, joriy yil boshidan 2 ming 178 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 5 oy mobaynida ularning muammolari hal qilingan hamda 1 ming 284 nafar yoshlar mazkur daftardan chiqarilgan.

Sessiya ishida tumanda suv resurslarini boshqarish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Ergash Yuldashevning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, 2022 yil sug‘orish davri uchun ajratilgan suv limiti suv iste’molchilariga o‘n kunliklar bo‘yicha taqsimlanib, suv iste’molchilari bilan suv ta’minoti bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Shuningdek, suvdan unumli va tejamkor foydalanish maqsadida joriy yil davomida 2 ming 630 gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilish rejalashtirilgan. Deputatlarga bu borada qilinayotgan amaliy ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va 25 fevral kuni o‘tkazgan yig‘ilish bayonida bergan topshiriqlari ijrosi to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayevning hisoboti tinglandi.

Hisobotda qayd etilganidek, ushbu masala bo‘yicha tuman hokimining qarori qabul qilingan va mazkur qaror bilan Amudaryo tumanini 2022-2023 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dasturga muvofiq tuman bo‘yicha 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 6 ta maktab binosini rekonstruksiya qilish, tibbiyot birlashmasining 90 o‘rinli tug‘riq bo‘limi binosini yangidan qurish, tumanida jami 2,4 km yo‘llarni asfalt qilish, 17,8 km yo‘llarga tosh yotqizish va boshqa ishlar rejalashtirilgan va bu borada amalish ishlar davom etmoqda.

Sessiya ishida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish to‘g‘risida tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabovning xisoboti tinglandi. Ta’kidlanganidek, mahallalarda faoliyat yuritib kelayotgan hokim yordamchilari sabab tuman Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar keskin kamaygan. Ular o‘z hududida aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida samarali faoliyat yuritishmoqda.

Sessiya davomida tuman hokimning birinchi o‘rinbosari Rashid Salayevning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”da turuvchi oilalarga moddiy yordam berish uchun mablag‘ ajratish hamda “Open budjet” portali orqali g‘olib deb topilgan 2 ta taklifni ijrodan to‘xtatish to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Qayd etilishicha, g‘olib deb topilgan To‘lqin ovulidagi 28-sonli maktab binosiga yangidan elektr isitish tizimi o‘rnatish loyihasi iqtisodiy jihatdan samarador emas. Qolaversa, bugungi kunda To‘lqin ovulida “Obod qishloq” dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, mazkur maktabni ham ta’mirlash, isitish tizimini nisbatan arzon – tabiiy gazga moslashtirsh choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

Sessiya ishida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari barpo etish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Og‘abek Ollambergenovning ham hisoboti tinglandi.

Hisobotda keltirilishicha, Amudaryo tumanida 2021-2022 yillarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturi bo‘yicha jami qiymati 408,5 mlrd. so‘mlik 77 ta loyihalar ishga tushirishi belgilangan bo‘lib, joriy yil 1 iyun holatiga ko‘ra qiymati 131,2 mlrd. so‘mlik 79 ta loyihalar amalga oshirilgan va 2 161 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Sessiya kun tartibida “Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashiga saylov bo‘yicha tuman saylov komissiyasini tuzish to‘g‘risida”gi masala ham ko‘rib chiqilib, saylov komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Shundan so‘ng, Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablarda bo‘shab qolgan direktorlik lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha nomzodlarga kelishim berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga nomzod Dilrabo Sherboyeva va Kamil Allaniyazovlar hamda 53-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorligiga nomzod Muratjan Saparbayevlar tegishli maktablarni har tomonlama rivojlantirishga mo‘ljallangan dasturi bilan deputatlarni tanishtirdi.

1-sonli maktab direktorligiga nomzodlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan, 53-sonli maktab direktorligiga nomzod ochiq ovoz berish jarayoni orqali saylandi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra 1-sonli maktab direktorligiga Dilrabo Sherboyeva, 53-sonli maktab direktorligiga Muratjan Saparbayevlar nomzodlariga kelishim berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Sessiya ishida Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, ular yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Аxborot xizmati.