G‘ALLA XIRMONLARI SARBALAND FЕRMЕR XO‘JALIKLARI

Туман янгиликлари

G‘alla – insoniyatning muhim hayot manbalaridan biri. G‘alla xirmonlari qanchalik yuksak bo‘lsa, hayot farovonligi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Shu bois, mamlakatimizda istiqlolning ilk kunlaridanoq o‘z g‘alla mustaqilligiga erishish maqsadida agrar sohaning ushbu yo‘nalishida jiddiy islohotlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida, shu jumladan Amudaryo tumanida ham g‘allachilik klaster korxonalari, g‘allachilik tarmog‘iga ega fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘alla yetishtirish bo‘yicha har yilgi shartnomaviy rejalar ortig‘i bilan bajarilib, g‘allani qayta ishlash korxonalarining yil davomida xalqimizni sifatli un va un mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati oshib bormoqda.

Amudaryo tumanida bug‘doy yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba maktabiga ega g‘allakorlar ko‘p. Birgina Do‘rman ovuli hududidagi 20 ta fermer xo‘jaligida g‘allachilik tarmog‘i mavjud. Mazkur hududdagi fermer xo‘jaliklarining 366 gektar bug‘doyzorlarida ham joriy dehqonchilik yilida mo‘l hosil yetishtirildi. Hudud fermer xo‘jaliklarining umumiy g‘alla xirmoni 914 tonnadan oshib ketdi. Hosildorlik esa kutilganidan ham ziyoda bo‘ldi. Ya’ni, gektariga 70 sentnerni tashkil etmoqda.

Hududda ilg‘or g‘allakorlar talaygina. Xususan, To‘raboy Pirnazarov rahbarligidagi fermer xo‘jaligi hududdagi g‘allakorlar orasida hamisha peshqadam. 2021-2022 yil hosili uchun mazkur fermer xo‘jaligida 20 gektar yerga bug‘doyning tumanimiz iqlimi sharoitiga mos navlaridan ekildi. Bug‘doyzorlarda kuzgi-qishgi agrotexnik tadbirlar sifatli amalga oshirilib, gektarlarda mo‘l g‘alla hosili yetishtirildi. Xo‘jalik g‘allakorlari hosildorlikni 70 sentnerga, umumiy qirmizi don xirmonini esa 140 tonnaga yetkazishdi. Ayni paytda fermer xo‘jaligi dalalarida g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in davom etmoqda. Bug‘doy o‘rim-yig‘imi va yanchish ishlarida kombaynchi Xurshid Otajonovning hissasi katta bo‘lmoqda.

Amudaryo tumanidagi “Bekman Allaberganov” nomli fermer xo‘jaligi g‘allakorlari ham joriy yilgi qirmizi don xirmonini shartnomaviy rejadagi 85 tonna o‘rniga 86 tonnaga, hosildorlikni esa har gektar hisobiga 70 sentnerga yetkazdilar.

Mazkur fermer xo‘jaligidagi mavjud 34 gektar g‘allazorda ayni paytda hosil o‘rim-yig‘im ishlari uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.

Mehnat qilganning rizqi ziyoda, nasibasi ulug‘ bo‘ladi, deydilar. “Bekman Allaberganov” fermer xo‘jaligi ishchilari 34 gektar yerdagi bug‘doyzorda barcha mavsumiy yumushlarni bekam-u ko‘st ado etishib, avvalo, gektarlarda to‘liq nihol olishga erishdilar. O‘z vaqtida amalga oshirilgan kuzgi-qishgi va bahorgi agrotexnik tadbirlar natijasida dalalarda mo‘l hosil to‘plandi.

Bug‘doyzorlarda oziqlantirish, begona o‘tlardan tozalash, dalalarni o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorlash ishlarida uch nafar ijarachi-dehqonlar samarali faoliyat olib bordilar. Qilingan halol va fidoyi mehnatning samarasi bugun xo‘jalikning yuksak g‘alla xirmonida namoyon.

Yetishtirilgan g‘alla hosilidan 300 million so‘mlik daromad olishni mo‘ljallayotgan fermer xo‘jaligi g‘allakorlari uchun shundan naqd 100 million so‘mi sof daromaddir.

Qolaversa, shartnomaviy rejadan tashqari yetishtirilgan hosilning fermer xo‘jaligi tasarrufida qolishi xo‘jalik ishchilarining moddiy manfaatdorligi va iqtisodiy farovonligini yanada oshirish imkonini beradi.

Ayni kunlarda amudaryolik g‘allakorlar yetishtirilgan qirmizi don mahsulotini nest-nobut qilmay, davlat omborlariga topshirish, hosilning so‘nggi misqoligacha yig‘ishtirib olish ishlarini uyushqoqlik bilan olib borishmoqda.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.