Ochiq suv havzalarida cho‘milish inson hayoti uchun xavfli ekanligi ko‘rgazmali seminar va maxsus taktik o‘quv mashqlarda ko‘rsatib berildi

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi − Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2022 yil 17 may kungi “Cho‘milish mavsumida aholining suvda cho‘kishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi buyrug‘ining ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumani Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi Amudaryo daryosi bo‘yida ko‘rgazmali seminar va amaliy maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

Ushbu amaliy taktik o‘quv mashqiga tuman hududidagi mahalla raislari, maktab direktorlari hamda korxona va tashkilot rahbarlari jalb qilinib, suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.

Ceminarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Radmir Chimbergenov olib bordi hamda seminar qatnashchilariga mamlakatimizda suvga cho‘kish bilan bog‘liq aniqlangan nohush holatlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.

Seminarda yozning issiq kunlari boshlanishi bilan insonlarda suvga cho‘milishga ehtiyoj keskin oshishi, ayrim vaqtlarda ota-onalarning e’tiborsizligi natijasida yoshlarning taqiqlangan suv havzalariga cho‘milishlari oqibatida suvga cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning sodir bo‘lishi kuzatilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, nafaqat yosh bolalar, balki yoshi katta insonlarning daryo, kanallarda cho‘milishlari natijasida suvga cho‘kish holatlarining ham uchrayotgani aytildi.

Bundan tashqari, har yili yurtimizda fuqarolarning belgilanmagan joylarda spirtli ichimliklar iste’mol qilgan holatlarda cho‘milishlari va boshqa sabablarga ko‘ra yuzlab insonlar nobud bo‘layotganligi achinarli holat ekanligini va har bir inson o‘z hayoti uchun avvalo, o‘zi javobgar ekanligini ta’kidladi.

Maxsus taktik o‘quv mashqining amaliy qismida fuqarolarning suvda cho‘kishi, qutqarilishi ya’ni suvda cho‘kayotgan insonni ro‘parasidan emas, aksincha orqa tomonidan borib unga yordam berish kerakligi hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi amalda ko‘rsatib berildi.

 Ushbu amaliy o‘quv mashqiga jami 12 ta texnika va 144 nafar fuqaro qatnashib “Cheklangan tayyor” deb baholandilar. Maxsus taktik o‘quv mashqi yakunida ishtirokchilarning yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalar qilish lozimligi batafsil tushuntirilib fikr-mulohazalar almashildi.

Seminar yakunida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib batafsil ma’lumot oldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.