Umumta’lim maktabni oltin hamda kumush medallar bilan tugatgan bitiruvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan maktab ta’limiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Amudaryo tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yakuniy imtihonlarni tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan 2 ming 582 nafar yoshlar mehribon ustozlari, qadrdon maktabini tashlab oliy ta’lim dargohlariga hujjat topshirishmoqda. 18 iyun kuni tuman hokimligi binosida 2021-2022 o‘quv yilida   umumiy o‘rta ta’lim maktablarini oltin va kumush medal bilan bitirgan, hamda fanlar olimpiadasi va turli tanlovlarda muvafaqqiyatga erishgan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari, maktab direktorlari, hamda ota-onalar ishtirok etishdi. Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yilida Amudaryo tumanida 15 nafar o‘quvchi maktabni oltin va 2 nafar o‘quvchi kumush medal bilan bitirdilar.
Bundan tashqari, 5 nafar o‘quvchi ingliz tili bo‘yicha xalqaro V2 va S1 sertifikatini qo‘lga kiritdi. Ular endilikda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ingliz tili bo‘yicha maksimal ballga ega bo‘ladilar va chet tili fanidan test sinovidan ozod etiladi.
Qolaversa, 7 nafar o‘quvchi asosiy fanlar olimpiadasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib, g‘olib va sovrindolar safidan joy olishdi. Shundan 4 nafar o‘quvchi olimpiadaning O‘zbekiston Respublikasi bosqichida munosib ishtirok etib, 2 nafari−Iroda Eshboyeva hamda Lobar Yo‘ldashevalar Toshkent amaliy fanlar universitetiga imtihonlarsiz kirish bo‘yicha sertifikatni qo‘lga kiritdilar. Tadbir davomida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev barcha bitiruvchilarni yetuklik shahodatnomasini olganliklari, voyaga yetib, mustaqil hayot sari qadam tashlash arafasida turgani bilan tabriklab, bitiruvchilarning Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishiga yoki boshqada sohalarda yetuk mutaxassislar bo‘lib, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy klasterlar, fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari, davlat yoki xususiy sektorlarda ish boshlab, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishlariga tilakdoshlik bildirdi. Shuningdek, maktab direktorlariga, ta’lim va tarbiya bergan fidoiy o‘qituvchilar hamda ota-onalarga barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishlarida kuch-g‘ayrat tiladi.
Shundan so‘ng, o‘quvchilarga oltin hamda kumush medallar, zamonaviy rusumdagi planshet hamda telefonlar, badiiy kitoblar jamlanmasi tantanali tarzda topshirildi.
O‘ylaymizki, yoshlarimiz Prezidentimiz ishonch bildirganlaridek, mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlar asosida yetuk mutaxassislar bo‘lib, Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shadilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.