Oq oltin ovul fuqarolar yig‘inidagi suv inshootining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida toza ichimlik suvi taqchilligi dolzarb masala bo‘lib turgan bir vaqtda, mamlakatimizda aholini toza ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli amaliy ishlar qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Amudaryo tumanida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlariga qulay investitsiya muhitini yaratish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi infratuzilma ob’ektlarini barpo etish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va ularning turmush darajasini yanada yaxshilash bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Amudaryo tumanining Oq oltin ovul fuqarolar yig‘inida NRS-37 suv inshootini hamda 7,9 km ichimlik suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Yaqinda ushbu inshootning foydalanishga topshirilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakili Akbarjon Jonuzaqov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Yernazar Atashov, sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, muassasa va tashkilotlar rahbarlari, ovul aholisi ishtirok etishdi. Ovul nuroniylari aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash savobi ulug‘ amallardan ekanligini aytib, mas’ullarga o‘zlarining chuqur minnaddorligini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Birlashgan millatlar tashkilotining hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizdagi 2 milliard aholi toza ichimlik suvidan bevosita foydalanish imkoniga ega emas.
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, jahonda 2000 yildan 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sadi. Ayniqsa, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlardan keladigan suv ta’minotiga bog‘liqligi yuqori darajada, ya’ni iste’mol qilinadigan suvning 80 foizi tashqaridan keladi.
 Shuning uchun ham har bir yurtdoshimiz suvni tejashga alohida e’tibor qaratishlari lozim.
Oq oltin ovulidagi mazkur suv tozalash qurilmasi va suv tarmoqlarining  rekonstruksiya qilinishi ovul hududida istiqomat qiluvchi 300 ga yaqin oilaning tozalangan suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda. Ma’lumot uchun, mazkur suv tozalash inshooti “Temir beton” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Mangit mega hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro shartnomalar asosida rekonstruksiya qilindi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq aholisining faqat beshdan birigina nisbatan tozalanagn suv iste’mol qiladi. Achinarlisi, oqova suvlar o‘zi bilan birga kasal tug‘diruvchi chiqindilarni ham olib kelishi mumkin. Oq oltin ovulidagi suv tozalash qurilmasi va suv tarmoqlarining  rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilishi ovul aholisi uchun katta ijobiy yanglik bo‘ldi. 
                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                           Tuman hokimligining Axborot xizmati.