"No‘g‘ay Eshon" jome masjidi yangidan barpo etilmoqda

Туман янгиликлари

Yurtimizda masjidlarimiz kundan-kunga obod bo‘lmoqda. Ko‘pchilik masjidlar zamonaviy shaklda ta’mirlanib, chiroyli va qulay holatga keltirilmoqda. Xalqimiz bunday jome masjidlarda ibodatlarini xotirjam ado etayotganlaridan mamnunlar. Bu kabi hayrli ishlar diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan ulkan e’tiborning natijasidir. Masjidlarni obod etish hamda ularni ta’mirlash savobi ulug‘ amallardan biridir. Darhaqiqat, Amudaryo tumanining Choyko‘l oqul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “No‘g‘oy Eshon” jome masjidining yangidan barpo etilishi bu kabi ishlarning yaqqol namunasi bo‘ldi.Mazkur binoning qurilish ishlari tuman hokimi qaroriga asosan Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini hududidan ajratilgan yer maydonida   shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga muvofiq tarzda boshlab yuborildi.
Yaqinda hashar yo‘li bilan tadbirkorlar va hayriya qiluvchilarning homiylik yordami hisobiga qurilayotgan ushbu masjidning qurilish ishlari boshlanishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman hokimi o‘rinbosari Nodirek Kamolov,  Amudaryo tumani bosh imom xatibi   Abduraxmon Matsapayev, masjid imom xatibi O'ktam Qurbaniyazov  hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.
Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mahalla ahlini ushbu muqaddas binoning barpo etilayotganligi bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, bunyod etilayotgan ushbu masjid hashamatli, namozxonlar uchun juda qulay va shinam bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilganligini ta’kidlab o‘tdi.
Aytish kerakki,  qurilish ishlariga eng mohir usta va muhandislar jalb etilgan.
Bunday ezgu ishga o‘z hissasini qo‘shishni istovchi mahalla ahli ham o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayratlari bilan mehnat qilishga shay bo‘lib turishibdi.
Tadbirda imom-xatiblar masjidni obod etishning savobi ulug‘ ekani, hamda bu muqaddas hadislarimizda ham alohida bayon qilib o‘tilganini ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng,  tuman hokimi, imom-xatiblar, hamda mahalla aholisi masjid uchun ilk ustunlarni qoqishdi.
Marosimda Qur’on tilovat qilindi va yangidan qurilishi boshlanayotgan masjid tez orada bunyod bo‘lishi, ularda mo‘min-musulmonlar ibodatlar qilishini so‘rab duolar qilindi.
Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir.
Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan xalqimiz ona Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duo qilishadi. Bu duolarning sharofati bilan Yaratgan yurtimizni yanada farovon qiladi, ne’matlarini yanada ziyoda qilib beradi.
Tumanimizda qad rostlayotgan ushbu jome masjid, xalqimiz uchun juda katta tuhfa bo‘ldi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.