“Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Katta hayotiy tajribaga ega otaxon va onaxonlarimiz “Bir nuroniy – o‘n nafar yoshga mas’ul” tamoyili asosida o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada ish yuritib, tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlarga biriktirilib, ularning muammolarini bevosita hal etishga yordam berib kelmoqda. Shu orqali nuroniylarimiz yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalanishiga va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga hissa qo‘shmoqda.

Ana shunday fidoyi nuroniylar ishtirokida mamlakatimiz bo‘ylab “Bir nuroniy ­­– o‘n yoshga mas’ul” shiori ostida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Joriy yil 18 iyun kuni Amudaryo tumani Madaniyat markazi binosida mazkur ko‘rik-tanlovning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovning asosiy maqsadi har bir mahallalarda “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” loyihasi asosida yoshlarga biriktirilgan nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarimiz tarbiyasida keksa avlod vakilllarining tajribasidan foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni vujudga keltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni targ‘ib qilish va ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni rag‘batlantirish hisoblanadi.

Tanlovning tuman bosqichi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi, tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazildi.

Tanlovda ishtirokchilar 3 ta shart, ya’ni tanishtiruv, “Yoshlar – bizning kelajagimiz” mavzusida ishtirokchilar amalga oshirgan ishlar yuzasidan hay’at a’zolariga yozma ma’lumot va fotoalbom shaklida taqdimot qilish hamda o‘ziga biriktirilgan uyushmagan, tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan amalga oshirgan ishlari va erishgan natijalarini, shuningdek, yoshlarning muammolariga yechim topgani va ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirgani bo‘yicha fakt va misollar taqdimoti orqali o‘zaro bellashdilar.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra eng yuqori bal to‘plagan Bobur nomli ovulning faoli Murotboy Soburov faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va tashkiliy qo‘mita tomonidan 3 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 2-o‘rinni qilichboylik ishtirokchi Amina Yusupova qo‘lga kiritib, 2 million so‘m bilan, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Beruniy nomli mahalla faoli Shukurjon Xo‘jamuratova esa 1 millin so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, 3 nafar ishtirokchilar, jumladan, Bo‘z solma mahallasidan tashrif buyurgan ishtirokchi Salomat Madaminova, Namuna mahallasi faoli Farhod Avezov va Durunki mahallasidan kelgan faol nuroniy Davlatboy O‘razovlarning har biri faol ishtirki uchun tashkiliy-qo‘mita tomonidan 500 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri maslahatchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi va tanlovning tashkiliy-qo‘mitasi raisi Tursunboy Abdijabbarov g‘oliblar va sovrindorlarni tabriklab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Bobur nomli ovulning faol nuroniysi Murotboy Saburovga omad tiladi va barcha ishtirokchilarga o‘z minnatdorligini bildirib o‘tdi.

Tanlov yakunida tadbir ishtikorchilari va tomashabinlariga “To‘lqinjon” kafesida osh berildi.

Sevara ISMOILOVA, QDU talabasi