Yoshlar oyligi doirasida hokim va yoshlar uchrashuvlari davom etmoqda

Туман янгиликлари

16 iyun kuni Amudaryo tumanining Daryobo‘yi mahallasi hududida joylashgan 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Yusupov, tegishli tashkilot mas’ullari hamda 30 dan ortiq faol yoshlar ishtirok etishdi.

 Uchrashuv davomida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tarixan qisqa davrda O‘zbekiston yoshlari erishgan muvaffaqiyat va yutuqlar zamirida davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik va yuksak e’tibor mujassam ekanligini ta’kidladi.

 Qayd etilganidek, bugun mamlakatimizda yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash, ularning salomatligini mustahkamlash, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy pozitsiyasi, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish, sportga jalb qilish orqali ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Yusupov tomonidan tumanda yoshlar o‘rtasida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, hamda yoshlarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘zining ijobiy natijasini berayotgani, shuningdek, hududlarda o‘tkazilayotgan “Hokim va yoshlar uchrashuvlari” yoshlarning hayotida uchrayotgan to‘siq va muammolarning ijobiy hal etilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof etib o‘tildi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli mazmundagi 8 ta murojaat kelib tushdi.

Jumladan murojaatlar yer ajratilishi, tikuv mashinasi uchun hamda asbob-uskuna  uchun subsidiya ajratilishi, imtiyozli kredit olish, kontrakt to‘lovining qoplab berilishi, moddiy yordam ko‘rsatilishi kabi masalalarda bo‘ldi.

Murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mas’ullarga yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlarga taalluqli barcha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, g‘oya va tashabbuslarini tuman hokimiga tug‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib yetkazishdi.

Uchrashuv yakunida tuman hokimi barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan “Yoshlar kuni”ni bilan samimiy tabriklab, o‘qish va ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.