Tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi faoliyati ishchi guruh tomonidan o‘rganildi

Туман янгиликлари

21 iyun kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining tumandagi ijrosi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Rahima Mirxalikova, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘limi mutaxassisi Guljamila Asqarova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Guljon Xolmuratova, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova shuningdek, mahallalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev ochdi va olib bordi.

Yig‘ilishda Rahima Mirxalikova Qo‘mitaning faoliyatiga doir yangiliklar haqida ma’lumot berib, xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, “Ayollar daftari”ni yuritish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Shundan so‘ng, ishchi guruh vakillari tumandagi “Ayollarni reablitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi”da bo‘lib, markazda yaratilgan shart-sharoitlar hamda markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, markazda ayollar uchun tashkil etilgan psixologik treningda qatnashib, psixologik yordamga muhtoj ayollar uchun markazda psixolog lavozimi joriy qilinishi lozimligi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tishdi.

Tashrif davomida ishchi guruh vakillari Amudaryo tumani xotin-qizlar tadbirkorlik markazida tashkil etilgan kasbga o‘qitish kurslari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbirkorlik markazida ishsiz, qolaversa, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni istagan ayol-qizlar tikuvchilik, savatchilik hamda hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida kasbga o‘qitilib, kelgusida o‘z ish faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlari uchun barcha turdagi yordamlar ko‘rsatiladi.

Bu orqali ayol-qizlarning bandligi ta’minlanibgina qolmasdan, yuqori daromad manbaiga ham ega bo‘ladilar.

Shundan so‘ng, ishchi guruh vakillari Gulzor mahallasi, Choyko‘l hamda Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faollarining ish faoliyatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Suhbat davomida faollar tomonidan ajrimlarning oldini olish va ajrim yoqasidagi oilalar bilan ishlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar tinglandi.

Shuningdek, faollarga oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyatini oshirish borasida targ‘ibot tadbirlarini muntazam o‘tkazish lozimligi bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar berib o‘tildi.

Bugungi kunda ayol-qizlarga qaratilayotgan e’tibor har qachongidan ham yuksalgan. Shu nuqtai nazardan, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar faolligi va rolini oshirishda, ularni ijtimoiy-iqtisodiy tomondan himoya qilishda keng miqyosdagi islohotlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.