XOLIMBЕG OVULIDA AHOLIGA SAYYOR TARTIBDA TIBBIY XIZMAT KO‘RSATILDI

Туман янгиликлари

Salomatlik− tuman boylik. Darhaqiqat, tana sog‘lom, ruh tetik bo‘lsa, har qanday yumushni uddalash va muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkin.

Olimlarning aniqlashicha, aholi salomatligini mustahkamlashning 10 foizi tibbiyot xodimlariga bog‘liq bo‘lsa, qolgan 90 foiziga profilaktika orqali erishiladi.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2022 yil 25 yanvar kuni kengaytirilgan tarzda “Mahallabay ishlash va kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida aholiga malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida chekka hududlarda sayyor qabullar o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra hududlarda sayyor qabullar o‘tkazilib, aholiga sayyor tartibda tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shu yil 22 iyun kuni rejaga muvofiq tumanimizning chekka hududlaridan biri bo‘lgan Xolimbeg ovuli hududidagi 17-sonli umumta’lim maktabi binosida sektor rahbarining sayyor qabuli va ovul aholisi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil qilindi.

 Tibbiy ko‘rik davomida tumanning malakali shifokorlari aholini qabul qilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar.

Aholiga nevropatolog, oftalmolog, ginekolog, endokrinolog va boshqa mutaxassis shifokorlar tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatilib, UZI va rentgen tekshiruvlaridan o‘tkazildi.

Kun davomida jami 441nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tashxislar qo‘yildi. Shundan,181 nafar fuqaroda kasalliklar aniqlanib, 40 nafariga statsionar sharoitda davolanishga yo‘llanma berildi. Shuningdek, 10 nafar fuqaroga viloyat davolash-profilaktika markaziga yo‘llanma berildi.

Shuningdek, qabul davomida tuman prokurori Azizbek Ro‘zmetov “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” uchun bo‘lib o‘tayotgan futbol musobaqasida tumanimiz sharafini munosib himoya qilib, yarim final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan “Xolimbeg yoshlari” jamoasi bilan suhbatlashib, ularga yarim final o‘yinlarida ham omad tiladi va sovg‘alar bilan taqdirladi.

Xolimbeg ovuli fuqarolari chekka hududlar aholisining salomatligini muhofaza qilishga yaqindan yordam berish maqsadida shu yerning o‘zida tibbiy ko‘rik tashkil etilgani, o‘zlariga qaratilgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan nihoyatda mamnun bo‘ldilar.

 Bu kabi sayyor qabul va tibbiy ko‘riklar aholiga katta qulaylik yaratish bilan birga, shifokorlarning o‘zaro tajriba almashishlari, davolashdagi ilg‘or ish uslublarini o‘rganishlariga, kasbiy bilim va malakalarini oshirishga ham xizmat qiladi.

Sayyor qabul davomida qabulga kelish imkoniga ega bo‘lmagan 3 nafar fuqarolarning uylariga tashrif buyurilib, ular ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Sayyor qabul keyinchalik ham davom ettirilib, 2-sektor hududidagi barcha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.