“YUSUF ESHON BOBO” JOM’Е MASJIDIDA 25 NAFAR AMUDARYOLIKNI HAJ SAFARIGA JO‘NATISH MAROSIMI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Yer yuzining barcha qit’alaridagi musulmonlar shu muqaddas oyda Haj ziyoratiga borib, Islom dinidagi beshinchi arkon amallarini ado etishadi. Darhaqiqat, muborak safarga borish, tabarruk Ka’batullohni tavof qilish har bir mo‘min-musulmonning niyati, orzusidir.

 Butun dunyoga tashvish keltirgan koronavirus pandemiyasi sababli Haj ziyoratiga borish ma’lum muddatga to‘xtab qolgan edi, joriy yildan yana ulug‘ safarga yo‘llar ochildi.

Shu yil 24 iyun kuni Mang‘it shahrida joylashgan “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidida hamyurtlarimizni muborak Haj safarga jo‘natish bilan bog‘liq kuzatuv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda tuman hokimligi mas’ullari, shuningdek, ziyoratchilar va ularning yaqinlari ishtirok etishdi.

Hayajonli damlarda Yaratganning bayti sari yo‘l olayotgan, orzulari ushalgan hamyurtlarimiz eson-omon muborak qadamjolarni ziyorat qilib kelishni so‘rab, xayrli duolar qilishgan bo‘lsa, kuzatishga chiqqan yaqinlari Ka’batullohga borish ularga ham nasib etishini dillariga tugishdi.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida minglab vatandoshlarimiz o‘z farzlarini emin-erkin bajarish baxtiga erishmoqda. Bu borada ularga davlatimiz tomonidan juda katta amaliy yordam ko‘rsatilmoqda, qulay sharoit yaratib berilmoqda.

Kvotalar pandemiyadan avvalgiga qaraganda qariyb 4 ming nafar, ya’ni 52 foizga ko‘paydi. Albatta, O‘zbekiston aholisiga berilgan imkoniyatlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan izchil siyosatning yorqin samarasi bo‘ldi.

Aytish kerakki, Haj farzini ado etish uchun haj safariga otlanishning o‘z tartib-qoidalari bor. Bu borada 2017 yilda O‘zbekiston Pespublikasi Vazirlar Mahkamasining “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tegishli qarori qabul qilingan edi.

Unga ko‘ra, tumanimizda ham Haj safariga otlanishni niyat qilgan fuqarolarning nomzodlarini saralab olish uchun mahallarda ishchi guruhlar tuzildi. Bu yilgi Haj mavsumi arafasida bu bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan 25 nafar ziyoratchilar nomzodi saralab olinib, tuman ishchi guruhiga taqdim etildi. Tuman ishchi guruhi tomonidan har bir nomzod bilan belgilangan tartib-qoidalar asosida suhbat o‘tkazilganidan so‘ng, ular haj safariga yuborishga tavsiya etildi.

“Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidida bo‘lib o‘tgan kuzatish marosimida bo‘lg‘usi hojilarga ziyorat davomida Makka va Madina shaharlarida barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar xizmat ko‘rsatib, tajribali ishchi guruh va malakali shifokorlar hamrohlik qilishi va boshqalar to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tildi.

Ma’lum qilinishicha, ziyoratchilar Madina shahrida «Masjidi Nabaviy»dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli «Zam-zam Pullman» va «Kraun Plaza» mehmonxonalarida, Makka shahrida esa «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasida istiqomat qiladi. Ziyoratchilar mehmonxonadan tashqari, Mino-Muzdalifa-Arafot manzillarida ham uch mahal issiq ovqat hamda bepul tibbiy xizmat bilan ta’minlanadi.

Bo‘lg‘usi hoji bobo va hoji onalarga eson-omon Alloh yo‘lidagi farzlarini ado etib qaytishlarini, ziyoratlari qabul bo‘lishini tilab qolamiz.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.