SPORTCHI QIZ OLTINOY

Туман янгиликлари

Sport – yoshlarning jismonan sog‘lom, yetuk va barkamol insonlar bo‘lib kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan ham yurtimizning barcha hududlari bo‘ylab yoshlarni sportga jalb qilish borasida ko‘plab amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib kelayotgan yoshlar safi tumanimizda ham talaygina. Ana shunday yosh sportchilardan Oltinoy Shukurullayeva sportning og‘ir atletika turi bo‘yicha ko‘pgina musobaqalar g‘olibi. U o‘zining iqtidori va qobiliyati bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. To‘qqiz yoshida tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabining og‘ir atletika guruhiga qatnay boshladi. Ustozi Anvar Boboniyozovdan og‘ir atletika sport turi sir-asrorlarini o‘rgandi. Ko‘plab shogirdlarning talabchan ustozi Anvar Boboniyozov Oltinoyda sportning bu turiga bo‘lgan qiziqish juda kuchli ekanligini sezgach, unga jiddiy e’tibor beradigan, u bilan alohida ham shug‘ullanadigan bo‘ldi.
Yosh sportchi qizda o‘zi o‘rganayotgan sport turiga ixlosni murabbiyi juda qadrladi. Shu sababdan uning ham jismoniy, ham ruhiy tayyorgarligini oshirishga kirishdi, mashg‘ulotlar davomida amaliy bilimlarni erinmay o‘rgatdi. Talabchan va jonkuyar murabbiyidan olgan saboqlari samarasi hademay Oltinoyning yutuqlarida aks eta boshladi.
Bugungi kunda tumanimizdagi 21-sonli maktabda ta’lim olayotgan Oltinoy Shukurullayeva Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston chempionatlari sohibasi.
Shulardan, 2019 yil Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan 2005 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida 71 kg. vazn toifasida 1-o‘rin, 2020 yil Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida 76 kg. vazn toifasida 2-o‘rin, 2021 yil Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 71 kg. vazn toifasida 2-o‘rin, 2021 yil Xiva shahrida Bolalar va o‘smirlar sport maktablari sportchilari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada 71 kg. vazn toifasida 2-o‘rin, 2005-2009 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar orasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi chempionatida 1-o‘rin, qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi kubogida 76 kg. vaznda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, u maktabda o‘tkazilgan ma’naviy tadbirlarda ham faol qatnashib keladi.
Oltinoy kabi og‘ir atletika sport turini o‘rganib, nufuzli musobaqalarda sovrinli o‘rinni olayotgan sportchi qizlarning o‘qishda va sport sohasida ham muvaffaqiyatlarga erishaverishini tilaymiz.

Shahzod Qurbonboyev,
QDU talabasi.