PROBATSIYA HISOBIDAGI 11 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN ILGARI JAZODAN OZOD ETILDI

Туман янгиликлари

Navoiy nomli mahallada tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi hisobida turgan mahkumlarni muddatidan ilgari jazodan ozod qilishga doir ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudi tomonidan sayyor tartibda ko‘rib chiqildi.                      
Shu yil 23 iyun kuni fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tgan mazkur sud majlisida Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudi mas’ullari, Amudaryo tuman prokurori yordamchisi Sanjar Xolmuradov, tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi katta inspektori Ruslan Iskandarovlar qatnashishdi.
Sayyor sudda mas’ullar so‘nggi yillarda mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida mahkumlarni axloqan tuzatish va ijtimoiy moslashtirish ishlarining samaradorligini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritdilar. Shuningdek, tumanda ham ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi nazorati ostidagi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning bandligini ta’minlash, o‘qishga va ishga joylashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, eng asosiysi, shaxsni  tarbiyalash kabilar borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Shundan so‘ng, Amudaryo tumani ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan 11 nafar mahkumga nisbatan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqildi.
Sud davomida Probatsiya hisobida turgan mahkumlardan birining ilgari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanib, 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani, jazoning o‘talmagan 3 yil 5 oydan ziyod muddati 20 foiz axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgani, qurilish tashkilotlaridan birida ishchi bo‘lib ishlayotgani, shu kunga qadar jazoni o‘tash tartib va qoidalariga to‘liq amal qilib kelayotgani ma’lum qilindi. Xuddi shu moddaning 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgani uchun 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga tortilgan 3 nafar mahkumning ham tegishli tartib-qoidalarga rioya qilib kelayotgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, mahkumlardan yana 2 nafari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi bilan jazoga tortilgani, 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 3 yil muddatga 20 foiz axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangani, oilaviy korxonalardan birida avtomobil yuvuvchi, ishchi bo‘lib ishlab kelayotgani aytildi.
Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 118-moddasi 2-qismiga ko‘ra jazoga tortilgan 2 nafar, 168-moddasi 2-qismiga ko‘ra 1 nafar mahkum, 131-moddasi 2-qismiga ko‘ra jazosini o‘tayotgan  1 nafar mahkumalarning ham hozirda o‘zining xulq-atvori, hatti-harakatlari bilan to‘liq tuzalish yo‘liga o‘tganligi, to‘g‘ri hayot tarziga amal qilib, sog‘lom muhitda yashayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Sud ishi davomida tomonlarning fikrlari tinglanib, ish materiallari bilan taqqoslanib ko‘rildi. Ish yakunida ushbu mahkumlar jazoni o‘tash tartib-qoidalariga amal qilib, sud tomonidan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajargani va mehnatga halol munosabatda bo‘lgani uchun o‘talmagan jazo muddatidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Ularga doim to‘g‘ri yashashga odatlanish lozimligi, jamoat joylarida axloq-odob qoidalariga amal qilishi, jinoyat yo‘liga endi kirmaslik kerakligi,  tushuntirildi.
Shuningdek, qilmishiga yarasha sud hukmiga ko‘ra berilgan jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlab kelganligi uchun 1 nafar mahkumga nisbatan belgilangan axloq tuzatish ishlari jazosi og‘irroq turdagi, ya’ni ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.

A.Koshanov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudi raisi.