MAHALLA YOSHLARINING MASLAHATGO‘YIGA AYLANGAN YETAKCHI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. Shu bois, yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va kamolotiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarning talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga yangidan-yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratishga ahamiyat berilmoqda.
Fozilbek Qurbonboyev To‘lqin ovuli yoshlar yetakchisi sifatida bugungi kunda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori va iste’dodini rag‘batlantirish va shu kabi boshqa maqsadlarda ko‘pgina ishlarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tadbirkorlikni targ‘ib etib, kredit va yordam choralarini jalb qilishda amaliy yordam berib kelmoqda.
Ovulda jami aholi soni 8170 nafardan iborat bo‘lsa, shundan 3182 nafari yoshlar hisoblanadi. “Yoshlar daftari” platformasiga 2022 yil yanvar oyidan boshlab, shu kungacha 143 nafar yoshlar yetakchi tavsiyasi bilan kiritildi. Shundan, 135 nafar yoshga platforma orqali dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi berildi va ularning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, 7 nafar yoshga imtiyozli kredit asosida dehqonchilikda qo‘llaniladigan motokultivatorlar olib berildi. 1 nafar yoshga kredit asosida tikuv mashinasi olib berilib, hozirgi kunda aholiga xizmat ko‘rsatish orqali daromad manbaiga ega bo‘ldi. Uning tashabbusi bilan “To‘lqin chevarlari” o‘quv-markazi tashkil etilib, hozirda u yerda ovuldagi xotin-qizlar tikuvchilikning sir-asrorlarini o‘rganishmoqda.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovida mahalla yoshlaridan iborat “Yoshlik” jamoasi mahalla, sektor va tuman bosqichlarida mutlaq 1-o‘rinni egallab, hududiy bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mahalla hududida 3 ta maktab, 2 ta sun’iy qoplamali sport maydonchasi mavjud bo‘lib, undan ovul yoshlari foydalanmoqda.  
Axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish maqsadida ovulda “Kompyuter savodxonligi”, “Yosh dasturchi” to‘garagi tashkil etilib, muntazam dars mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yonida yoshlarni kitobxonlikka targ‘ib qilish maqsadida kutubxona barpo etilib, kitoblar jamlanmasi bilan to‘ldirildi. Ma’naviyat va kitobxonlikni yoshlar ongiga singdirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasini yoshlarning turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallaganidan ham bilsak bo‘ladi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Yosh kitobxon oila”, “Mushoira”, “Zukko kitobxon” tanlovlarining mahalla bosqichlari o‘tkazildi. “Yosh kitobxon oila” tanlovida Sultonovlar oilasi sektor bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Mushoira” tanlovida Oyjamol Ibragimova tuman bosqichida 2-o‘rin, “Zukko kitobxon” tanlovida mahalla yoshlaridan iborat “Bilimdon” jamoasi faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Zakovat” intellektual o‘yinining sektor bosqichida 2-o‘rin, tuman bosqichida faxrli 3-o‘rinni egallashdi.
Mahallada yoshlar yetakchisi sifatida mehnat faoliyatini olib borayotgan Fozilbek izlanuvchan va tashabbuskor yetakchi sifatida boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Mahalla yetakchisi yurt ravnaqi, porloq kelajak qurish yo‘lida munosib hissa qo‘shish uchun o‘zining bor kuch-g‘ayrat va salohiyatini safarbar qilmoqda.

Sevara ISMOILOVA,
QDU talabasi