Poliz mahsulotlari, mevalar, oziq-ovqat mahsulotlarining inson hayoti uchun xavfsizligi nazorat qilinmoqda

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda serquyosh o‘lkamizda yoz fasli hukum surmoqda. Yangi uzilgan va tomorqalarda yetishtirilgan turfa poliz ekinlari hamda mevalar bozorlarimiz rastalarini to‘ldirib turibdi.

Ammo, sotilayotgan ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholi salomatligi uchun xavfsizmi?

Amudaryo tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi xodimlari tomonidan har kuni tumandagi dehqon bozori va do‘konlar rastalariga sotuvga chiqarilayotgan poliz mahsulotlari, sarxil mevalar, oziq-ovqat mahsulotlarining inson hayoti uchun xavfsizligi nazorat qilinmoqda.

Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan noto‘g‘ri agrotexnik tadbirlar amalga oshirilganda, qolaversa, do‘konlardagi oziq-ovqat mahsulotlarining iste’molga yaroqlilik muddati tugagan va boshqa holatlarda o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari kelib chiqadi.

 Mang‘it dehqon bozori hududida joylashgan veterinariya-sanitariya labarotoriyasi xodimlari ushbu noxush holatlarning oldini olish maqsadida bozor rastalariga kelib tushgan qovun-tarvuz hamda boshqa poliz ekinlarini ekspress usulda tekshirmoqdalar. Tarkibidagi nitrat miqdori normadan yuqori bo‘lgan mahsulotlar tegishli tartibda savdodan chetlatilmoqda.

Shu kunga qadar Mang‘it dehqon bozori hududida joylashgan veterinariya-sanitariya laboratoriyasi tomonidan tarkibidagi nitrat miqdori me’yordan yuqori bo‘lgan 148 kg tarvuz savdodan olinib, tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Undan tashqari, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi xodimlari tomonidan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga mahsulotlarni saqlash va sotish qoidalariga amal qilinmaslik oqibatida kelib chiqadigan o‘tkir yuqumli oshqozon-ichak kasalliklari haqida ma’lumotlar berilib, ularning oldini olish bo‘yicha profilaktik targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Profilaktik tadbirlar natijasida “Mang‘it dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlariga bozordagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, bozorning sanitariya holatini yaxshilash va bu orqali aholi orasida yuqumli kasalliklar va ovqatdan zaharlanishning oldini olish maqsadida tavsiyalar berilmoqda.

Shuningdek, profilaktik tadbirlar davomida uy sharoitida tayyorlangan tuzlangan pomidor va bodring savdosi bilan shug‘ullanayotgan sotuvchilarning mahsulotlari tekshirilib, yaroqlilik muddati o‘tib ketgan 14,5 kg mahsulotlar iste’molga yaroqsiz deb topildi hamda 6 nafar fuqaroga “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 53-moddasiga muvofiq jarima solindi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, yoz faslida pishib yetilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ib-terib olish, saqlash va sotuvga chiqarish borasida belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish har bir tadbirkorning kasbiy va insoniy burchidir. Shuningdek, fuqarolar ham sog‘ligiga bee’tibor bo‘lmasdan, xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlarini gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda xarid qilishlari va iste’mol qilishlari lozim.

 Bir so‘z bilan aytganda, har kim o‘zi va o‘zgalar sog‘ligi uchun javobgar ekanligini chuqur his qilmog‘i darkor. Zero, salomatlik – tuman boylikdir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati