“Obod qishloq” dasturi doirasida To‘lqin ovulida amalga oshirilayotgan ishlar sifati o‘rganildi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda yurtimizda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli ko‘plab mahalla va qishloqlar go‘zal qiyofa kasb etmoqda. Dastur doirasida odamlarning yashash sharoitini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlaridan to‘laqonli foydalanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish maqsadida keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Amudaryo tumanining To‘lqin ovuli va Ayoqchi mahallasi hududlari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda dastur doirasidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal sur’atlar bilan davom etmoqda.

Yaqinda tuman hokimi S.Yo‘ldashev hamrohligida prokuratura organlari vakillari − Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari, Adliya katta maslahatchisi Ravshan Bauaddinov, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Komolov hamda buyurtmachi tashkilot rahbarlari “Obod qishloq” dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida To‘lqin ovulida bo‘ldilar.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, dastur doirasida amalga oshiriladigan qurilish va ta’mirlash ishlari uchun jami 10,3 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘ ajratilgan.

Bugungi kunda ushbu mablag‘larning bir qismiga To‘lqin ovuli hududidagi 24-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi mukammal ta’mirlanmoqda. Shuningdek, 10,5 kmli ichki yo‘llarga tosh-shag‘al, va asfalt qoplamasini yotqizish ishlari bajarilmoqda.

 Undan tashqari, To‘lqin ovuli hududida 2 mlrd.so‘m mablag‘ evaziga 4 ta suv inshooti hamda 1 mlrd. 550 mln.so‘m evaziga 7 ta bozor infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda.

Ovul hududida iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlanish sifatini yanada yaxshilash masalalariga ham alohida ahamiyat berilib, 7,6 mln.so‘m evaziga 4,4 km uzunlikdagi gaz quvurlari va 19 ta gaz taqsimlash punktlari tam’irlanmoqda.

Qolaversa, ovul hududiga yangidan ko‘chib kelgan yosh oilalarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida 3,3 km uzunlikdagi elektr liniyalarini tortish, 3 ta yangi transformator o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Undan tashqari, 2 km piyodalar yo‘lakchasini qurish, 80 ta tungi yoritgich chiroqlarini o‘rnatish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda.

Buguni kunda, 4 ta yangi turdagi chiqindi konteynerlarini o‘rnatish, 60 ta yakka tartibdagi uy-joylarni ta’mirlash, 4 km aloqa liniyalarini tortish ishlarini ijrochilarni tanlab olish maqsadida tender savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Bugun yurtimizda, xususan, tumanimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad − aholining farovon turmush kechirishi uchun munosib sharoit yaratishdan iboratdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, odamlar yurtimizda kechayotgan islohotlarni yaqin kelajakda emas, bugun, real hayotida his etib yashashlari darkor.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.