Qilichboylik mohir bog‘bon

Туман янгиликлари

Ota-bobolarimiz “Yaxshidan bog‘ qoladi” – deb bekorga aytishmagan. Ekilgan har bir niholda insonning qalb-qo‘ridagi butun mehri, mehnati mujassam bo‘ladi. Ekilgan o‘sha nihollar vaqtlar o‘tib, mevali yoki manzarali daraxtga aylanadi. U bog‘bonga to‘kin meva-chevalar hadiya etib, daromad manbaiga aylanish bilan birga xalqimiz dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlaydi.

Yer bilan tillashib, uning barcha sir-asrorlaridan xabardor bo‘lgan amudaryolik Hamro Rajabov mana 8 yildirki, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib keladi.

Rajabovlar oilasining sa’y-harakatlari bilan tumanizning olis hududlaridan biri − Qilichboy ovulida fayzli va ko‘rkam bog‘ yaratilgan. Umumiy yer maydoni 40 sotixni tashkil qiluvchi ushbu bog‘da ayni kunlarda sarxil mevalar pishib yetilib, manzarali daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Bog‘bon bog‘dagi har bir daraxtga o‘zgacha mehr beradi, asrab-avaylaydi, parvarish qiladi. O‘z navbatida dehqon ham yerdan va bog‘dan mo‘l hosil olib, farovon turmush kechirmoqda.

Hamro Rajabov har yili 10 ming tupdan ortiq ko‘chatlar yetishtirib, hamqishloqlarini hamda tumanimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi aholini sifatli va hosildor ko‘chatlar bilan ta’minlab keladi. Bog‘da olma, uzum, shaftoli, o‘rik, anjir, anor, umuman jannatmakon yurtimizda yetishtiriladigan ko‘pchilik mevalarning turli navlari bor.

Bog‘bon ushbu ko‘rkam va fayzli bog‘ orqasidan har yili 50 mln. so‘mdan ortiq daromad ko‘radi. Bugungi kunda mevali va manzarali daraxtlardan payvandlash orqali yetishtirilgan ko‘chatlar, mevali daraxtlardan olingan hosil oila iqtisodiyoti barqarorligiga xizmat qilib kelmoqda.

Bog‘bon Hamro Rajabov topilgan daromad ortidan farzandlarini o‘qitgani, uyli-joyli qilgani, yengil avtomobillar sohibi bo‘lganini mamnuniyat bilan e’tirof etadi. 80 tup o‘rik, 20 tup olma, 200 tup shaftolini parvarish qilish, undan olinadigan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olish katta mehnat, tajriba hamda mas’uliyat talab etadi.

Bog‘ning yanada gullab-yashnashi uchun bog‘bon har bir agrotexnik tadbirni kechiktirmasdan, o‘z vaqtida hamda maromiga yetkazib bajaradi. Daraxtlarni kerakli mineral o‘g‘itlar bilan vaqtida oziqlantirib turadi, yerni yumshatib, zararkunandalarga qarshi kurash ishlarini ham o‘z vaqtida amalga oshiradi.

Bugungi kunda Hamro Rajabov tumanimiz aholisini xavfsiz hamda arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga, narx-navo barqarorligiga hamda tuman iqtisodiyotining gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Qishloq xo‘jaligining bog‘dorchilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘zining tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan Hamro Rajabov mahalladoshlariga o‘rnak va namunadir.

Azaldan ota-bobolaridan me’ros qolgan mehnatkashlik va oqko‘ngillik, rostgo‘ylik va saxiylik fazilatlari tufayli u bugun mahalladoshlari orasida alohida hurmatga va e’tiborga ega.

Bog‘bonga hosili mo‘l bo‘lishini va yana uzoq yillar xalqimizni sarxil mevalar va manzarali daraxtlar ko‘chatlari bilan ta’minlashda davom etishini, qilgan mehnatlarining rohatini ko‘rish nasib qilishini tilaymiz!

F. Eshimbetova