Tumandagi iqtidorli ayol-qizlar, hamda numunali oilalar bilan uchrashuv tashkil etildi

Туман янгиликлари

Dunyoda davlat va jamiyatning nufuzi, ongu tafakkuri, madaniy darajasini ko‘rsatadigan mezonlar ko‘p. Lekin, har qaysi millat va xalqning ma’naviy kamolotini belgilovchi, ta’lim-tarbiyasini takomillashtiruvchi bu — ayoldir.
 Bugun xotin-qizlarimizning qadami tegmagan joy, ular egallamagan soha qolmadi hisob. Ular o‘qituvchilik, xususiy tadbirkorlik, fermerlik, harbiylik, umuman, ijtimoiy sohadan tortib, iqtisodiyot, sanoat, davlat va jamiyat qurilishi sohasida faollik ko‘rsatmoqdalar.
Yaqinda Amudaryo tumanining Boyovul mahallasi hududida joylashgan 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida adabiyot, fan, ta’lim, hunarmandchilik sohalarida dadil mehnat qilib kelayotgan iqtidorli va faol ayol-qizlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Respublikasi yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari Gavharjon Ibodullayeva, “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti” sohibasi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Guljamol Asqarova, “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti” soxibasi Feruza Xayrullayeva, shoira Sadoqat Karimova, jurnalist Maxfira Karimova hamda tumanning iqtidorli ayol-qizlari ishtirok etishdi.
Uchrashuv rasmiyatchilikdan holi ochiq va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida mehmonlar tumanning iqtidorli shoira qizlari tomonidan bitilgan go‘zal sherlarni tinglab, shoiralarning ijod namunalariga o‘z munosabatlarini bildirdilar.
 Yosh shoiralar, maqomchi qizlar, ustozlar tomonidan bildirilgan maqtovlardan mamnun bo‘lib, ijod namunalarini yanada rivojlantirsh borasida berilgan takliflarni e’tiborga olib, o‘z minnatdorligini bildirib o‘tishdi.
Shundan so‘ng, mehmonlar tuman hokimi o‘rinbosari Go‘zla Soburova hamrohligida Yangiobod mahallasining “Hamid Olimjon” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Adilboy Sherniyazov hamda Gulsara Norimovalarning xonadonlarida bo‘lishdi.
 Xonadon egalari mehmonlarni iliq kutib olishdi. 5 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan, ularni turli kasblarda o‘qitib, uyli-joyli qilgan Gulsara opa bugun keksalik gashtini surmoqda.
Ushbu oila hamisha o‘zlarining boy hayotiy tajribasi hamda ahil-inoqligi bilan mahallasidagi yosh oilalarga o‘rnak bo‘lib keladi.
Mehmonlar shunday ibratli oilalardan yana biri− 7 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan Gulnihol Jumaboyevaning ham xonadonida bo‘lishdi.
Xonadon egalari mamlakatimizda ayol-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida o‘zlarining samimiy va iliq fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
 Shundan so‘ng, mahallaning faol ayollaridan, yosh oilalarga o‘zining hayotiy saboqlari bilan o‘rtoqlashib, o‘git va nasihatlari bilan ibrat bo‘lib kelayotgan Norgul O‘rozbayevaning xonadoniga tashrif buyurildi.
Mehmonlar onaxondan 5 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishda, kelinlar bilan munosabatda nimalarga e’tibor bergani to‘g‘risida hayotiy saboqlarini tingladilar.
Shu o‘rinda aytish kerakki, jamiyatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat, hurmat-ehtiromni davlatning ularga bo‘ladigan munosabatida belgilash mumkin.
Shu nuqtai nazardan qaralsa, ayollarni ulug‘lab, ardoqlab, boshiga ko‘tarib yashaydigan xalq o‘zining yuksak madaniyati va olijanob qadriyatlarini amalda namoyon qiladigan millat sifatida hurmat qozonadi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ayol-qizlarning barcha sohadagi samarali mehnatini, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini O‘zbekistonimiz erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissasini  hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.
Ayolning jamiyatimizda tutgan o‘rni — bebaho! Zero, Ayolga munosabatda millat, ertangi kun va kelajak avlodga bo‘lgan hurmat yaqqol namoyon bo‘ladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati