KUCHLI IRODA VA QAT’IYAT SOHIBI

Туман янгиликлари

Inson borki, yorug‘ niyatlar, ezgu orzular bilan yashaydi. Qalbida ana shu go‘zal tuyg‘ulari borligi uchun ham u hayotni sevadi, yanada yorqin manzillar tomon intiladi. Shuning uchun ham xalqimiz intiluvchan insonlar haqida intilganga tol’e yor, deya ta’rif berishadi.

Amudaryo tumanining Bobur nomli ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Olimjon O‘rozmetov umumta’lim maktabini tugatganida yerga ursa, osmonga sapchiydigan yigit edi. Dil to‘la orzular bilan Toshkent shahriga, o‘zi orzu qilgan kasb yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumot olish niyatida borgan yigitning omadi chopmadimi, oliygohga o‘qishga kiraolmadi. Lekin umidini so‘ndirmay, o‘zi tanlagan yo‘nalish bo‘yicha Toshkent shahridagi matbaachilik kasb-hunar bilim yurtiga o‘qishga kirib, mazkur bilim dargohini 1995 yilda muvaffaqiyatli tamomladi. Ammo, ishga kelganda yana omadi chopmadi.

Ishdami, o‘qishdami, ba’zan omadi yurishmasa, tushkunlikka tushib, hamma narsaga qo‘l siltab ketuvchilar qancha! Lekin Olimjon tushkunlikka tushmadi. “Hali butun hayotim oldinda, hammasi yaxshi bo‘ladi”, degan ezgu umidlar bilan “Xorazm yo‘l qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Jumurtov tog‘-kon sexiga ishga kirdi.

Epchil va uddaburon, mehnatkash bo‘lgan Olimjon qisqa fursat ichida kasbdoshlarining ishonchini qozondi. Smena, oylik va choraklik ish rejalarini ortig‘i bilan uddalab, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan Olimjon 2004 yilda ish jarayonidagi baxtsiz tasodif tufayli chap qo‘lidan ayrilib qoldi.

Tinimsiz, oylab davolanishlar, kasbdoshlarining mehr-oqibati tufayli shifo topdi, lekin bir umrga nogiron bo‘lib qoldi. Tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasining xulosasiga ko‘ra 2-guruh nogironi bo‘lib qolgan Olimjon O‘rozmetov yana mehnat maydoniga, biri-biriga qadrdon bo‘lib qolgan “Xorazm yo‘l qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchilari safiga qaytdi.

Garchi bir qo‘lidan ayrilib, 2-guruh nogironi sifatida imkoniyati ancha cheklangan bo‘lsa-da, jamoada o‘z o‘rnini topdi. Yolg‘iz qo‘li bilan ba’zi sog‘lom insonlar bajaraolmaydigan ishlarni ham bemalol uddalayotgan Olimjonning harakatlari, intilishlari rag‘batlantirilib, Jumurtov tog‘-kon sexida operator bo‘lib ishlay boshladi. U bu ishni nafaqat uddaladi, balki o‘z ishini intizomli tarzda amalga oshiruvchi mas’uliyatli operatorga aylandi.

Olimjon O‘rozmetov oilaparvar umr yo‘ldoshi, biri-biridan aqlli-hushli 5 nafar o‘g‘il-qizning sevimli otasi. U ishdan bo‘sh vaqtlarida tomorqa xo‘jaligida dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. “Men nogironman, davlat nogironlik nafaqasini berib qo‘yibdi”, demaydi. Aksincha farzandlariga bosh bo‘lib, erta bahordan to kech kuzgacha ishdan bo‘sh vaqtlarida, dam olish kunlarida ekin-tikin parvarishi bilan band bo‘ladi.

Mo‘’jazgina bog‘ida barq urib o‘sayotgan, shig‘il mevaga kirgan olma-yu uzum, nashvati-yu olcha, olxo‘ri, o‘rikdan oila ehtiyojiga yarasha hosil oladi, ortganini bozorga olib chiqadi. Parrandasi-yu chorvasidan, poliz va sabzavot ekinlaridan ham mo‘l-ko‘l daromad oladi. Uning intiluvchanligi va serharakatligini ko‘rganlar:

- Nogironlik nafaqasini olib turgan bo‘lsang, joningni qiynayverib nima qilasan, - deyishadi ba’zan. Bunday deguvchilarga Olimjonning javobi ham tayin:

- Xudoga ming shukurki, bitta qo‘lim sog‘, imkoni boricha o‘zimni va oilamni moddiy ta’minlashga hozircha qurbim yetadi, bekor o‘tirib qolishdan asrasin, - deydi qat’iyat bilan.

Olimjonning bir qo‘li bilan ketmonni mo‘ljalga aniq urishlari, bemalol o‘t o‘rishlari, hatto belkurakni ham sog‘lom odamlarday tutib, ish yuritishlaridan bildikki, intilish, ezgu niyatlar og‘ushida yashash insonga nainki kuch bag‘ishlaydi, balki qat’iyatli va irodali bo‘lishga ham undaydi. Olimjon O‘rozmetov ana shunday qat’iyat va iroda sohibi.

Robiya Yo‘ldosheva.