O‘Z –O‘ZIGA IMKONIYAT ESHIKLARINI OCHAYOTGAN YIGIT

Туман янгиликлари

Inson zoti hayotda doimo orzu-umidlar bilan yashaydi, ularning ro‘yobiga intiladi, izlanadi. Shu intilishlari yo‘lida kasb-kor, mutaxassislik egallab, mehnat qiladi. Biroq hayot tasodiflarga to‘la va kutilmagan holatlar odamning barcha niyatlarini chilparchin qilishi mumkin.

Amudaryo tumanining Bosuv mahallasida tug‘ilib voyaga yetgan Jasurbek O‘rozboyevning ham orzulari bisyor edi. Kasb-hunar kollejini tamomlab, qurilish sohasida faoliyatini davom ettirayotgan vaqtida 2019 yilda kutilmagan baxtsiz hodisa uni to‘shakka mixlab qo‘ydi. Uzoq vait davomida davolandi. Tibbiyotda erishilayotgan yutuqlar, yangi-yangi davolash usullarining amaliyotga joriy etilayotganligi uning ham dardlariga malham bo‘ldi. Biroq asab tolalari jiddiy shikastlanganligi tufayli 1-guruh nogironi bo‘lib qoldi.

Aslida umrimizning har bir lahzasi – sinov. Buni chuqur his qilib, Yaratganning hukmiga shukr qilish, imkon qadar yaxshilikka intilish haqiqiy insoniylikdir. Jasurbek O‘rozboyev ham hayotdan nolib yurmadi, shifokorlarning maslahatlariga amal qilgan holda sog‘ayishga sidqidildan intildi, nogiron bo‘lsa-da umrini bemaqsad o‘tkazmaslik uchun foydali ish bilan shug‘ullanishga harakat qila boshladi.

U ishni o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, shu yo‘lda o‘qib-o‘rganishdan boshladi. Shunday qilib, o‘z qo‘llari bilan inkubator yasab, jo‘ja ochtirish bilan shug‘ullana boshladi. Bu bilan ham cheklanmay, qushlar uchun qafaslar, baliq boqish uchun akvariumlar yasashni ham o‘rgandi va tez orada mijozlari ko‘paya boshladi.

Asli intiluvchan, o‘qib-o‘rganishdan to‘xtamaydigan yigit O‘zbekiston Nogironlar jamiyatining tuman bo‘limiga a’zo bo‘ldi va o‘zi kabi baxtsiz hodisalar tufayli nogiron bo‘lib qolgan hamda tug‘ma nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdi. Ular bilan suhbatlashib, hayoti bilan tanishib, insonning ko‘nglida yashashga, yaratishga ishtiyoq bo‘lsa, imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da ko‘p ishlarga qodir bo‘lishini anglab yetdi va ko‘nglida ertagi kuniga umidlari yana ham yuksaldi.

Hozirgi kunda Jasurbek O‘rozboyevning faoliyati ko‘lami yana ham ortgan. U turli mevali daraxtlarni payvandlab, iqlim sharoitimizga mos va hosildor daraxtlar ko‘chatlarini ham yetishtirmoqda. O‘z oilasini imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da hech narsaga zoriqtirmay, halol mehnatlari bilan boqib kelayapti. Tinch- osuda tonglarni ezgu niyatlar bilan qarshi olib, oilasini, mahallasini obod va farovon go‘shaga aylantirish ishtiyoqi bilan yashayotgan yurtdoshlarimiz koriga yarab, ular kabi mehnat qilayotganidan, mahsulidan el manfaatdor bo‘layotganidan u juda quvonadi. Shuning bilan birga yanada unumliroq ishlashga, hayotda hech kimdan kam bo‘lmaslikka intiladi va bunga erishmoqda ham.

Biz jasoratli va matonatli yurtdoshimizning kelgusi ishlariga ham omad tilaymiz!

Sevara Ismoilova, QDU talabasi