“SOLIQCHI – KO‘MAKCHI” TAMOYILI BO‘YICHA TADBIRKORLARGA KO‘MAK BЕRILMOQDA

Туман янгиликлари

“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili doirasida Amudaryo tumanida faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini segmentlash, ya’ni yashil, sariq, qizil toifalarga ajratish orqali ko‘maklashish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizim asosida tuman Davlat Soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tadbirkorlar bilan joyiga chiqqan holda uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilmoqda va yechimi izlanmoqda.

Inspeksiya xodimlari tadbirkorlarning faoliyat yuritishdagi dastlabki buxgalteriyasiga ko‘maklashish bilan birga, soliq qarzi to‘g‘risida ma’lumotlar berib, imtiyozlar va ularni qo‘llash tartibi bo‘yicha tushunchalar berishmoqda. Ta’kidlash joizki, boshqa soliq turlaridan ortiqcha to‘lov summasini qaytarish, kredit olishiga ko‘maklashish, yer ajratishga ko‘maklashish va soliq organiga aloqador boshqa bir qancha muammolar yuzasidan joriy yilning o‘tgan ikkinchi choragi mobaynida 390 ta tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari ijobiy hal qilindi.

Navoiy mahallasida joylashgan kichik sanoat zonasi hududidagi temir eshiklar va temirdan yasalgan boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan “Jumamurod usta” oilaviy korxonasiga ish faoliyatini kengaytirish uchun bank tomonidan 100 mln. so‘m miqdorida kredit ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatiladi. Natijada hozirgi kunda 5 ta ish o‘rin yaratildi va qo‘shimcha yana yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda.

Korxona ishchilari bugungi kunda ehtiyojga ko‘ra temir eshik, darvoza va boshqa ro‘zg‘or buyumlarini ishlab chiqarib, aholini ta’minlab kelmoqda. Ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlar sifatli va mustahkamligi uchun bozorda juda xaridorgir.

Kichik sanoat zonasi hududidagi yangidan tashkil etilgan “Xolboyev Madrim” mas’uliyati cheklangan jamiyatining sexida ham arzon va sifatli mebel ishlab chiqarilmoqda. Ushbu sexda 4 ta doimiy ish o‘rin yaratilgan. Ishchilar tomonidan aholi ehtiyojiga ko‘ra tayyorlanayotgan turli mebellarning xaridorlari ko‘p. Ayniqsa, oshxona jihozlari qulayligi va sifatliligi, narxlari hamyonbopligi bilan hammaga ma’qul kelmoqda. Sexda xonadonlarda avvaldan foydalanilib kelinayotgan eski, ammo ta’mirlansa, yana ishlatsa bo‘ladigan mebellar ham yangidek qilib tuzatib berilmoqda.

Mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini kengaytirib, tikuvchilik sexi ochish maqsadi borligini aytgan tadbirkorga soliq organlari xodimlari tomonidan yaqindan yordam ko‘rsatilmoqda. Endilikda tikuvchilik sexi tashkil etilib, hudud aholisiga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bilan birga, yangi ish o‘rinlarini yaratish va ayol-qzlar bandligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyiliga ko‘ra tuman Davlat Soliq inspeksiyasi xodimlarining yordami, ko‘magi bilan faoliyatni yo‘lga qo‘yayotgan va rivojlantirayotgan tadbirkorlar bu kabi g‘amxo‘rliklardan nihoyatda mamnun bo‘lishmoqda.

O.Xudoyberganova