XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI TOMONIDAN QORAQALPOG‘ISTON RЕSPUBLIKASIDA XAYRIYA AKSIYASI O‘TKAZILMOQDA

Туман янгиликлари

Shu kunlarda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘p yillar davomida faoliyat yuritgan faxriy o‘qituvchilar holidan xabar olish aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining topshirig‘iga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqi hayoti bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish jarayonida xalq ta’limi tizimiga taalluqli masalalarga ham alohida e’tibor qaratilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi tizimida ko‘p yillar davomida faoliyat yuritgan fahriy o‘qituvchilar, kam ta’minlangan oila farzandlari hamda sog‘ligida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar holidan xabar olinib, ularning hayotiga doir muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu aksiya doirasida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajabov rahbarligidagi aksiya tashkilotchilari Amudaryo tumanida ham bo‘lishib, nafaqadagi faxriy o‘qituvchilar holidan xabar oldilar va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi nomidan 7 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami, esdalik uchun maxsus tabriknoma va yana boshqa qimmatbaho sovg‘alarni topshirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajabov rahbarligidagi aksiya tashkilotchilari o‘zining butun ongli hayotini yosh avlod ta’lim tarbiyasiga bag‘ishlagan, ayni damda keksalik gashtini surayotgan faxriy o‘qituvchi Durdiboy ota Yerdoshev xonadonida bo‘lishdi.

Durdiboy ota Yerdoshev aksiya tashkilotchilari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajabov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Akbar Rayimovlarning tashrifi hamda hukumatimizning faxriy o‘qituvchilarga ko‘rsatayotgan hurmat-e’tibori va g‘amxo‘rligidan chin dildan minnatdor bo‘ldi. Xonadoniga tashrif buyurgan mehmonlar bilan samimiy muloqot qilib, mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, zamonaga mos ravishda sohaga tatbiq etilayotgan islohotlar xususida to‘lqinlanib so‘zladi.

Xalqimiz bejizga ustoz otangday ulug‘, degan purma’no hikmatni yaratmagan. Chunki, bizga oq-qorani tanitib, mustaqil hayot sari yo‘llagan bu tabarruk zot ota-onamizdan keyin mustaqil hayot bo‘stonida doimiy va eng fidoyi jonkuyar do‘st sifatida ilm o‘rgatgan, hayot sinovlarini sabot va matonat bilan yengib o‘tishda eng yaqin maslahatgo‘y, mehribonimiz bo‘lgan.

Aksiya ishtirokchilari shu kuni Quvondiq Tangirberganov, Egambergan Saidov, Shukurjon Xo‘jamurodova hamda O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi Hayitgul Yo‘ldoshevalarning xonadonlarida ham bo‘lishib, ularning yashash sharoitlari, kundalik hayotiga oid muammolari bor yoki yo‘qligi bilan qiziqdilar.

Faxriy ustozlar bugungi dorilomon kunlarga cheksiz shukronalik tuyg‘ularini izhor etishib, mamlakatimizda inson qadr-qimmatini ulug‘lash, uning hayotdan rozi yashashlarini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xususida mamnuniyat bilan fikr bildirdilar.

 O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajabov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari Akbar Rayimov va Amudaryo tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismoilovlar xalq ta’limi sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan amudaryolik faxriy o‘qituvchilarning samarali mehnatlarini e’tirof etishib, ularga uzoq umr tilab, hamisha shogirdlari ardog‘ida yurishdek samimiy tilaklar bildirishdi.

Robiya Yo‘ldosheva.