“Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarga fermerlar Kengashi tomonidan homiylik yordamlari ko‘rsatildi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, joriy yil 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.

Qarorga muvofiq, “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizomning 4-bobida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarga amaliy yordam berish tartibi belgilab berilgan.

Qarorda keltirilishicha, sektorlar rahbarlari, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman Fermer, dehqon ho‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda hokim yordamchilari bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashiladi.

Ya’ni, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatilishiga, parranda, asalari, quyon, baliq va bedana boqishni yo‘lga qo‘yishga, dehqonchilik bilan shug‘ullanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotish ishlarida ularga har tomonlama yordamlar beriladi.

 Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida ham ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.

Bugungi kunda tumanda 3-bosqich “Ayollar daftari”ga jami 3 ming 810 nafar xotin-qizlar qizlar kiritilgan bo‘lib, shundan 70 nafari tomorqadan unumli foydalanuvchi ayollar toifasiga kiritilgan bo‘lib, ularga hududdagi fermer xo‘jaliklari mas’ul sifatida biriktirilgan.

25 iyul kuni O‘zbekiston Temir yo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bosh mutaxassisi Shamil Xaniyev hamda Amudaryo tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvanovlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan, tomorqadan unumli foydalanayotgan ayollar bilan yaqindan suhbatlashdilar.

Zaminimiz serhosil. Tuproq, iqlim sharoiti, to‘rt faslda ham sabzavot ekinlari yetishtirish uchun g‘oyat qulay hisoblanadi. Ayollar ushbu yerlarda mehnat qilib, piyoz, sabzi, kartoshka, sarimsoqpiyoz yoki turli ko‘katlarni ekib, yerdan unumli foydalanish orqali ro‘zg‘orlari ehtiyojini qondirish bilan birga, bozor rastalarini to‘ldirib, katta daromadga ega bo‘lishmoqda.

O‘rta qala ovulining Bog‘, Arna bo‘yi mahallalari hamda Bobur nomli ovulda istiqomat qiluvchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning har biriga 100 kg dan bug‘doy, un, yog‘, tovuq va oziq-ovqat mahsulotlari tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda hududdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan homiylik yordami sifatida bepul tarqatildi.

Ayol-qizlarning bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlik qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy sharoitini yaxshilash − bugungi kunning muhim talabidir. Shunday ekan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol-qizlarga ko‘mak ko‘rsatish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shish jamiyatning har bir faol a’zosining burchiga aylanmog‘i kerak.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.