Amudaryo tumanidagi mehnat faxriylariga I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘likni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan pensiya yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlagan, jamiyatda hurmat qozongan onalar bir necha yildirki, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib kelinmoqda.

O‘tgan 2018-2021 yillar davomida Amudaryo tumanidan jami 11 nafar pensionerlar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi. Shundan, 3 nafari I darajali, 4 nafari II darajali va 4 nafari III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lishdi.

2022 yilda ham O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashining 2022 yil 6 may kungi qarori bilan tumanimizning 3 nafar nuroniylari, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasi faxriysi Qosim Nametov va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Gulmirza Nurmatovlar I darajali, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi Baxram Jumaniyazov II darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan edi.

23 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Tursunboy Abdujabborov, Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i maslahatchisi Bahodir Boltaboyevlar tumanimizning faol nuroniylari, bugungi kunda 80 yoshni qarshilagan faxriy ustozlar Kasim Nametov va Gulmirza Nurmatovlarning uylariga borib, ularga I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlarini hamda vazirlik va “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan tayyorlangan pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdilar.

Xalqimiz “mehnat qilgan elda aziz”, degan purma’no hikmatli bejizga yaratmagan. Halol va fidoyi insonlar mehnati hamma davrlarda el-yurt, hukumatimiz tomonidan chuqur e’tirof etilib, mehnatkash inson qadr-qimmati, hurmati joyiga qo‘yilgan.

Inson shaxsini, qadr-qimmatini ulug‘lash mustaqillik yillarida bebaho ma’naviy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Har yilgi an’anaga muvofiq o‘z yoshligi, kuch-quvvati, bilim va tajribasini mamlakatimiz ravnaqi, yosh avlod kamoloti uchun bag‘ishlagan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan amudaryolik mehnat fidoyilarining ham mehnatlari hukumatimiz tomonidan e’tirof etilib kelinayotgani qalblarga quvonch bag‘ishlaydi.

Bahodir Boltaboyev,

Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i maslahatchisi