Tumandagi 11 ta olis va chekka ovul hamda mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etildi

Туман янгиликлари

2022 yil 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar-inson qadri uchun” mavzusida o‘tkazgan “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy hizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2022 yil 25 aprel kungi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘pgina chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Xususan, Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli 9 ta oilaviy poliklinikalari va 4 ta oilaviy shifokorlik punktlarida kunduzgi statsionar o‘rinlar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytirildi. Shu bilan bir qatorda 1-sonli oilaviy poliklinikada avval mavjud bo‘lgan 8 ta kunduzgi statsionar o‘rinlariga qo‘shimcha ravishda 2 ta kunduzgi statsionar o‘rinlar tashkil etilib, jami 10 ta kunduzgi statsionar o‘ringa to‘ldirildi. 3-sonli oilaviy poliklinikada avval mavjud 4 ta kunduzgi statsionar o‘rinlariga qo‘shimcha ravishda 6 ta kunduzgi statsionar o‘rinlar tashkil etilib, jami 10 ta, 7-sonli oilaviy poliklinikasida avval mavjud 5 ta kunduzgi statsionar o‘rinlariga esa qo‘shimcha ravishda 5 ta kunduzgi statsionar o‘rinlar tashkil etilib, jami 10 ta kunduzgi statsionar o‘ringa to‘ldirildi.

Bulardan tashqari birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish maqsadida tumandagi 11 ta olis va chekka ovul hamda mahallalarga maxsus konteynerlar o‘rnatilib, mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi.

Endilikda Amudaryo tumanining Jumurtov shaharchasi va shaharcha hududidagi Qoratosh aholi punkti, Amir Temur va Bo‘z yop ovullari, Yuqori qishloq, Bog‘, Qoramon mahallalari, Besh tom mahallasining Xo‘jako‘l aholi punkti, Nazarxon ovuli hududidagi Mayliko‘l, Bekboy aholi punktlari, Qum yop mahallasining Jumaboy sog‘a aholi punktida yashovchi aholi tuman markaziga kelmasdan birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu ovul va mahallalardagi tibbiyot punktlariga 11 nafar oilaviy shifokorlar hamda o‘rta tibbiyot xodimlari biriktirilgan. Ular mazkur hududlarda yashovchi aholi salomatligini asrash yo‘lida mehnat qilishmoqda.

Amudaryo tumanining olis va chekka ovul hamda mahallalariga maxsus konteynerlar o‘rnatilib, mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilgani mazkur hududlarda yashovchi 32 mingdan ziyod fuqarolarga o‘z hududlaridagi mahalla tibbiyot punktlarida tashkil etilgan kunduzgi statsionarlar orqali salomatliklarini mustahkamlashlari uchun imkon yaratildi.

Mahalla tibbiyot punktlari ertalabki soat 8:00dan kechqurungi 20:00gacha faoliyat olib boradi. Ayni kunlarda aholi yangidan ish boshlagan mazkur tibbiyot punktlariga kelib, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanmoqda. Ayniqsa, Oq oltin va Bo‘zyop ovullari, Jumurtov shaharchasiga o‘rnatilgan mahalla tibbiyot punktlari tibbiyot xodimlari xizmatidan aholi juda minnatdor bo‘lishmoqda.

Yaqin kunlarda bu yerlarga tashrif buyuruvchilar uchun yanada yaxshi imkoniyatlar yaratiladi. Kutish uchun maxsus joylar, kelish-ketish uchun yo‘lakchalar quriladi. Eng muhimi, chekka hududlar aholisi zarurat tug‘ilganida tuman markaziga kelib vaqt ketkazib yurmasdan, ovoragarchiliksiz birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanishlari mumkin bo‘ldi.

Oygul RAJABOVA.