Tuman irrigatsiya bo‘limi jami 39 ming 463 gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ta’minlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda

Туман янгиликлари

Dalalarni, ekin maydonlarini sug‘orish uchun oqar suv yetkazib berishda, fermer xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlashda tuman Irrigatsiya bo‘limining xizmatlari katta.

O‘zbekison Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 11 iyuldagi 23-sonli buyrug‘i bilan Mang‘it-Nazarxan irrigatsiya tizimi boshqarmasi negizida Amudaryo tumani irrigatsiya bo‘limi qayta tashkil etildi.

Bugungi kunda tumandagi suv iste’molchilari Gurlan, Qilichboy, Qipchoq-Bosuv tarmoqlari va daryoda joylashgan nasos stansiyalari orqali suv bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, irrigatsiya bo‘limlari tarkibida suv xo‘jaligining maxsus xizmati tashkil etilgani Tuman irrigatsiya bo‘limi uchun ko‘plab qulaylik va yengilliklar yaratdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, suv xo‘jaligining maxsus xizmatida ishlovchilar miroblardir. Agarda hududda 10 ta fermer bo‘lsa, ularga 1 nafar mirob tayinlanadi. U suvning hisobini yuritish uchun har bir fermerga alohida jurnal qo‘yib, fermerlar bilan imzolashgan holda har kunlik olgan suvning hisobini yuritib boradi.

Buning uchun fermer suv olish quloqlarini suv o‘lchash imkonini beruvchi jihozlar bilan ta’minlashi kerak va undagi ko‘rsatkich bo‘yicha ertalab va kechqurun 2 marotaba suvning miqdori yozib boriladi. Ushbu jurnalda agarda, navbatlab sug‘orish tashkil etilib, nechadir kun ushbu fermerga suv berilmasa, ular ham qayd etilib boriladi. Oyning oxirida esa dalolatnoma tuziladi.

Shu tariqa olingan suv hisobi yuritib boriladi va yakunda ushbu hujjatlar asosida soliq idorasiga hisobot kiritilib, suv iste’molchisi olgan suvi bo‘yicha soliqqa tortiladi.

Darhaqiqat, suv iste’molchisi umumiy me’yor bo‘yicha emas, amalda olgan suvigagina soliq to‘lashi mexanizmi yaratilishi fermerlar uchun ham manfaatli, bo‘ldi.

Suv bilan ta’minlash, suvdan foydalanishni nazorat qilish Amudaryoning chap qirg‘og‘ida Shixjamol, Qilichboy, Tosh yop, Mang‘it, Qipchoq bo‘limlari, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida Nazarxon bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

 Bo‘lim hisobida 296,6 km uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallar, 122 ta gidrotexnik inshoot, 135 ta gidropost, 153 ta suv chiqarish nuqtalari, 5 ta ekskavator, 3 ta buldozer, 6 ta yer qazish kemasi mavjud.

Bugungi kunda bo‘limda 135 nafar ishchi xodimlar kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilib, tumanning olis hududlarini ham oqar suv bilan muntazam ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Aytish kerakki, Amudaryo tumanida ichki xo‘jalik kanallari uzunligi 1 ming 342 km bo‘lib, ularda 681 ta gidrotexnik inshoot, 510 ta gidropost, fermerlarning 1 ming 95 ta bosh suv olish quloqlari mavjud.

Amudaryo tumanining jami 39 ming 463 gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ta’minlash borasida tizimli ishlarni tashkil qilib kelayotgan Amudaryo tumani irrigatsiya bo‘limi xodimlari faoliyatiga rivoj tilaymiz.

Tuman hokimligining Axborot xizmati