"HOJI ESHON BOBO" JOM’Е MASJIDI BINOSI QURILISHI JADAL OLIB BORILMOQDA

Туман янгиликлари

Mustaqillik – nafaqat millatimizning, balki mo‘’min-musulmonlarning ham qadr-qimmatini joyiga qo‘ydi. Yurtdoshlarimiz imon-e’tiqodda sobit bo‘lishib, toat-ibodatlarini emin-erkin iroda etish imkoniga ega bo‘ldilar. Butun mamlakatimizda, xususan, Amudaryo tumanida ham musulmonlarning Alloh oldidagi farz va qarz amallarini maromida, hech qiyinchiliklarsiz ado etmoqlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani barchaning qalbiga xushnudlik bag‘ishlaydi.

Qipchoq shaharchasi markazida joylashgan “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi binosi 1988-1989 yillarda xalq hashari yo‘li bilan guvala-loydan bunyod etilgan edi. Garchi poydevor-paxsasi guvaladan ko‘tarilgan bo‘lsa-da, o‘sha davrdagi savobtalab insonlarning kuch va rag‘bati tufayli masjid binosi avvalgi ko‘rimsiz holatidan ancha yaxshilanib, namozxonlar uchun bir muncha qulay sharoitlar yaratilgani uchun masjid qavmi tashabbusi va savobga daxil insonlar ko‘magi bilan 2015-2017 yillarda qayta ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi.

Homiylar yordami bilan yangidan tahoratxona qurildi, masjidning tom qismi shiferlandi, zamonaviy deraza-romlar o‘rnatilib, namozxona pollandi va namozxonlarning ibodat qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Lekin doimiy ravishda o‘sib borayotgan aholi, ayniqsa, namozxonlar safining kengayishi tufayli masjid hovlisi ham, namozxona, madaniy-maishiy bo‘lmalar ham bugungi davr talabiga mos kelmay, ibodat paytida namozxonlar uchun qiyinchiliklar yuzaga kela boshladi. Ushbu muammoni hal etishning birdan-bir yo‘li – zamon talablariga mos keladigan yangi masjid binosini qurish edi.

Shu bois, “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi imom-xatibi Rajabboy Habibullayev, “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidi imom-xatibi Abdurahmon Matsapayev va Qipchoq shaharchasining yoshi ulug‘ keksalari, shaharcha faollari hamda faol musulmonlar bilan bamaslahat yangi masjid binosini qurish va qurilishga homiylik qilish istagida bo‘lgan savobtalab insonlar bilan uchrashib, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ma’muriyatiga murojaat qildi.

Nihoyat 2021 yil 23 mart sanasidagi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rahbariyatining 907-sonli xati bilan 2021-2023 yillarda “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi binosini to‘la qayta qurishga ruxsat berildi.

2021 yilning 24 aprel sanasida esa Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashevning 80-sonli qarori bilan “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi qurilishi uchun “Hoji Eshon bobo” qadamjosi yonidan 80 sotix yer ajratib berildi.

Qipchoq shaharchasi xalqi va ko‘p sonli namozxonlar uchun 2021 yilning 22 iyul sanasi katta shodiyonaga aylanib ketdi. Chunki aynan shu kuni “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi qurilishi uchun mo‘ljallangan maydonga ramziy qoziq qoqilib, shu kunning o‘zida ilk tamal toshi qo‘yildi va masjid qurilishi ko‘tarinki kayfiyatda boshlab yuborildi.

Bugungi kunda masjid binosining asosiy qismi tiklanib, gumbazlari qad rostladi. Masjidning, umumiy yer maydoni 625 kvadrat metr, kengligi 25 metrga 25 metrni tashkil etadi, sig‘imi esa 800 nafar namozxonga mo‘ljallangan.

Ayni paytda tahoratxona va qo‘shimcha xonalarining tomlari sifatli yopilib, shiferlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Shuningdek, umumiy maydoni 400 kvadrat metr bo‘lgan 40 metrga 10 metr kenglikdagi qo‘shimcha namozxonada ham qurilish-ta’mirlash, bo‘yash-pardozlik ishlari ko‘ngildagidek olib borilmoqda.

Zamonaviy va sharqona me’moriy yechimga ega masjid binosi qurilishining muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilishini ta’minlash uchun quruvchilarga zarur sharoit va imkoniyat yaratib bergani qurilishga muntazam ravishda pishiq g‘isht yetkazib berayotgani uchun Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashevdan quruvchilar mamnun. Shuningdek, savobtalab yurtdoshlarimiz ham masjid binosi qurilishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.

– Bizga amaliy yordam ko‘rsatayotgan barcha savobtalab insonlardan minnatdormiz, – deydi masjid imom-xatibi Rajabboy Habibullayev. – Ayniqsa, “Amudaryo qurilish mollari” korxonasi rahbariyatiga, barcha homiylarimizga chin dildan tashakkur izhor etamiz.

Ayni kunlarda Qipchoq shaharchasi husniga-husn bag‘ishlab, kun sayin go‘zal qiyofa kasb etayotgan “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi binosida ichki va tashqi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Robiya Yo‘ldosheva.