YANGILANAYOTGAN HUDUDLAR: uyshinliklarning bugungi hayoti

Туман янгиликлари

Qanot qoqib ko‘kka parvoz qilishdan mahrum etilgan, qafasdagi qush kabi inson ham agar emin-erkin, mustaqil bo‘lmasa, hayotda o‘zligini namoyon etaolmaydi, chinakam baxtiyor bo‘la olmaydi.

Shular haqida o‘ylaganimda yurtimizdagi istiqlol tufayli qisqa davrda amalga oshirilgan olamshumul o‘zgarishlar, yangilanishlar, yuksalishlar ko‘z o‘nglimga keladi.

Quvonarlisi, buningdek xayrli evrilishlar barcha hududlarni, eng chekka ovul, mahallalarni ham qamrab olmoqda, odamlar bu yangilanishlarning haqiqiy ijodkori bo‘lmoqda.

Uyshin mahallasi tumanimizning olis, Turkmaniston davlati bilan chegara hududida joylashgan. Jayxun, Namatovul, Uyshin, Begovul, Chunoq aholi punktlaridagi 803 ta oilalar asosan hovli-joylarda istiqomat qiladi. O‘zbek, qoraqalpoq, turkman, qozoq millatiga mansub aholi bu yerda azal-azaldan do‘st-birodar bo‘lib, yaqin qo‘shnichilik munosabatlari, urf-odatlari, an’analarini mahkam saqlab kelishayapti. Jami aholining 268 nafari pensionerlar, shundan 8 nafari ishlovchi pensionerlardir. 219 nafari korxona-tashkilotlarda ishlaydi, 15 nafari tadbirkorlik bilan, 2 nafari milliy hunarmandchilik bilan, 2 nafari savdo-sotiq, 18 nafari chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik bilan shug‘ullanadi, 7 nafari turli sohalarda band bo‘lgan bo‘lsa, 170 nafar fuqarolar mavsumiy ishlarga jalb etilgan. 318 nafar ishlash istagidagi ishsizlar bor. Kelgusida ularning ham bandligini ta’minlab, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlarining choralari ko‘rilayotir. 8 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar, 16 ta boquvchisini yo‘qotgan oilalar, 4 ta kam ta’minlangan oilalar ijtimoiy himoya qilinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Aholi turli millatga mansub bo‘lsa-da, to‘y-ma’rakasi, quvonch-qayg‘usi bir bo‘lganligidan ularni ajratish qiyin, faqat to‘y-marosimlarda har bir millatning o‘z urf-odatlari, an’analari ado etiladi va bunda barcha millat vakillari ishtirok etaveradi. O‘z milliy urf-odatlari, qadriyatlariga hurmat bilan qaralayotganidan, yangi ma’no-mazmun bilan tobora boyib borayotganidan barcha xursand.

Kishining bugungi hayotidan ko‘ngli to‘lsa, ertagi kuniga umidlari yanada ortadi, mehnati unumli, topgani barakali bo‘ladi. Shundandir, uyshinliklarning deyarli har bir xonadonida turli rusumdagi zamonaviy mashinalar, traktorlar, zamonaviy uslubda ta’mirlangan hovli-joylari, barchasining o‘z tomorqa yeri, 350 ta xonadonning esa qo‘shimcha dala tomorqasi, 13 ta xonadonning issiqxonasi bor. 500 ta xonadonda 980 ta yirik shoxli qoramol, 160 bosh qo‘y-echkilar, 2300 ta parrandalar, 176 dona asalari uyalari namunali parvarish qilinib, dasturxonlarini o‘z mehnatlari bilan to‘kin qilishmoqda.

Shuningdek, Maxsud Abduraimov, Karim Otajonov, Ramazon Temirboyev, Farhod Begmurodov, Omonboy Yesqobulov kabi ko‘cha boshchilar va yig‘in mas’ullari sa’y-harakatlari bilan to‘y-marosimlar tartibli, ortiqcha dabdabasiz o‘tkazilmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni yot g‘oyalardan himoya qilishga, ilm olishiga, kasb-hunarga yo‘naltirishga ulkan e’tibor berilayotir. Shu maqsadda haftaning ma’lum kunlarida madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinayotir.

Mahalladagi kichkintoylar maskani

Yosh avlodga g‘amxo‘rlik yo‘lidagi har qanday sa’y-harakatlar yurtimizda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada tumanimizning eng chekka hududlarida ham oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etilmoqda. Mahalladagi “Robig‘a momo” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti shular jumlasidandir. Yangidan qurilgan binoda faoliyat boshlaganiga endigina bir yil bo‘lay deb turgan ushbu muassasada hududning 50 nafar kichkintoylari ta’lim-tarbiya olishmoqda. 5 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari burro-burro suhbatlashganidan, shirali, bolalarga xos jo‘shqinlik bilan madhiyamizni ijro etib berganlarida bu yerda Umida Eshniyozova rahbarligida bolajonlarga puxta ta’lim-tarbiya berilayotganini, bolalarning vaqti mazmunli o‘tayotganini angladik.

– Bu yil bino atroflarini obodonlashtirib, ko‘chatlar, sabzavotlar ekdik. Soya-salqin, so‘lim maskanga aylantirishga harakat qilayapmiz. Mahallamizda farzandini bog‘chamizga berish istagidagi ota-onalar ko‘p. Hozir imkoniyatimizga qarab 2 guruhda 50 nafar bolajonlarni tarbiyalayapmiz, – deydi mudira Umida Eshniyozova.

Shunday xonadon bor...

Uning sohibi Jumiyoz Hayitboyev, ahli ayoli Zulayho onani butun mahallaning katta-yu kichigi hurmat qiladi, yo‘lini kesib o‘tmaydi, to‘y-ma’rakalarda o‘rni belgili.

Jumiyoz ota, Zulayho onalarning turmush qurganlariga 55 yildan oshibdi, 11 nafar farzandni otaxon kolxozda traktorchi bo‘lib, ayoli esa paxta dalasida ishlab, ipak qurti boqib, halol mehnatlari bilan kamolga yetkazishgan, o‘qitib, kasb-korli, hunarli qilishgan, o‘g‘illariga shu elning halol, obro‘-e’tiborli xonadonlaridan kelin olib, ro‘zg‘orlarini bo‘lak qilib berishgan. Biri o‘qituvchi, biri tibbiyot xodimi, turli kasb egalari bo‘lgan kelinlar ham hozir o‘g‘il uylantirib, qiz uzatib, atrofi nevaralarga to‘lib qolgan bo‘lsa-da, qaynota, qaynonasi xizmatlariga doim tayyor. Biri 85, biri 80 yoshdan oshgan piru badavlat otaxon va onaxon ularni duo qilib, yo‘l-yo‘riq berib o‘tirishadi, hamon bardam, ziyrak.

Hayotda ularning topganlari ham, yo‘qotganlari ham ko‘p bo‘ldi. Har qanday qahatchiliklar, zahmatlarni boshidan kechirganlarida ham o‘zlarini hayotning ulug‘ ne’matlari – farzandlar quvonchi bilan ovutdi, farzand dog‘iga ham shukur qilib, qolganlariga umr tilashdi.

Jumiyoz ota va Zulayho onalarning umr yo‘li nafaqat mahalladoshlari, balki, barcha yurtdoshlarimiz uchun ibrat bo‘la oladi. Shundandir, mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari ham ularni ko‘rgani, suhbatlashgani kelib turishadi. Hozir ular bog‘-rog‘larga burkangan, so‘lim go‘shada 40 nafarga yaqin nevaralari, 23 nafar chevaralari ardog‘ida yashashmoqda, tillarida doim shukrona, nevara-chevaralariga ham doim shunday deydi: “bugungiday dorilomon kunlar hech qachon bo‘lgan emas, inson zoti bugungiday e’zozlangan emas, qadriga yetinglar”.

Ahillik – baraka keltirayapti

Shu yil boshida ovul va mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimi joriy etilgani butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi tumanimizda ham ko‘pgina xayrli o‘zgarishlarga asos bo‘layotir.

Uyshin mahallasidagi hokim yordamchisi Ruslan Norimbetov o‘z faoliyatini yig‘in raisi, ayollar faoli, yoshlar yetakchisi bilan birgalikda aholi xonadonlarini o‘rganib, oilalarda daromad manbalarini ko‘paytirish choralarini izlashdan boshladi. Shu kungacha uning bevosita ko‘magi bilan 20dan ziyod oilalar kredit olib, turli sohalarda tadbirkorlik faoliyatini boshladilar.

Mahalla kelinlari – ikki dugona Shohida O‘rozboyeva, Nargiza Yusupovalar ham shular sirasidan.

Kredit mablag‘i hisobiga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etganlar, avtomashina xarid qilganlar, uy-joy olayotganlar atrofimizda ko‘p. Biroq hamjihatlik bilan ikki kishining bir maqsad uchun kredit olgani kamdan-kam uchraydigan holat bo‘lsa, ajab emas.

Ha, Shohida 26 million, Nargiza 19 million imtiyozli kredit hisobiga birgalikda kichik non pishirish sexini sotib olib, shu yil aprelidan novvoylik faoliyatini boshlab yuborishdi. Bir yo‘la 36 ta buxanka nonni pishirish quvvatiga ega pechda hozirgi kunda dugonalar obi non, patirlar ham yopishayapti. Yana bir qo‘shnisini ham ish bilan ta’minlashgan. Ularning nonini asosan buyurtmachilar, hudud aholisi xarid qilishayapti. Ahillikda qilingan mehnatlari tufayli ikki qo‘shni ayol har oy uchun kreditlarining belgilangan qismini qaytarib, oilalariga ham daromad kiritmoqdalar.

– Kreditimiz hafta ichida tayyor bo‘lib, uskunamizni oldik. Buncha tez hal bo‘lishini o‘ylamagandik. Axir avvallari yillab sarson bo‘lib kredit ololmaganlarni bilamiz. Shuning uchun pechni o‘zimizning oshxonamizga o‘rnatdik. Nasib qilsa, faoliyatimizni kengaytiramiz, –deydi ular yuzlari quvonchdan kulib.

Mahallada fuqarolar yig‘ini raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisining hamkorlikdagi ko‘magi bilan kredit hisobiga Shohida, Nargizalar singari tikuvchilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik sohalarida ish boshlaganlar ham ko‘p.

Mahallaning obod ko‘chasi

Bugun ko‘pmillatli, azal-azaldan mehr-oqibat, sabr-qanoat, o‘zaro hamdo‘stlik, hamjihatlikni yuksak tutib, shu tabarruk zaminda umrguzaronlik qilib kelayotgan nekbin xalqimiz hayotida yangilanishlar, o‘zgarishlar, yuksalishlar shiddat bilan kechmoqda.

Quvonarlisi, buningdek xayrli ishlar avvalo fuqarolarimizning baxti, farovon turmushi, o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda, inson qadri ulug‘lanmoqda.

Buningdek e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar aholining ertagi kuniga ishonchini mustahkamlab, ko‘nglida o‘z yurtidan faxr-iftixor tuyg‘ularini yuksaltirmoqda, yana ham obodlik, farovonlik sari intilishiga asos bo‘lmoqda. Buni mamlakatimizning eng chekka, kichik bir hududi – Uyshin mahallasi hayotida ham kuzatishimiz mumkin. Bog‘larga burkangan hovli-joylar, infratuzilma ob’ektlari, ravon ko‘chalar bundan dalolat berib turibdi.

Mahallaning 2-Chunoq ko‘chasi hududning eng namunali ko‘chalaridan biri. Unda joylashgan 24 ta hovlilar atroflari saranjom-sarishta, supurib, suv sepilgan. Obodlik ko‘ngildan boshlanishiga shu xonadonlarda yashovchi otaxon, onaxonlar bilan suhbatlashsangiz yaqqol amin bo‘lasiz.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Rajabovning ta’kidlashicha, hududda kelgusi yilda yana ham ulkan yangilanishlarga guvoh bo‘lamiz. Boisi, mahalla 2023 yilgi “Obod mahalla” dasturiga kiritilishi rejalashtirilmoqda va shu maqsadda ta’mirlanadigan yo‘llar, ko‘chalar, ob’ektlar aniqlanmoqda. Inson omiliga e’tibor tobora kuchayayotgan mamlakatimizda ko‘zda tutilayotgan xayrli ishlar bisyor.

Uyshin mahallasi hayoti bilan tanishish jarayonida buningdek ezguliklar mamlakatimizning har bir hududini, olis mahallalarni ham qamrab olayotganiga guvoh bo‘ldik. Iloho, istiqlol sharofatidan ravnaq  topayotgan yurtimizga ko‘z tegmasin!

Oygul RAJABOVA, gazetaning maxsus muxbiri.