SAHRO BAG‘RIDAGI OBOD XONADON

Туман янгиликлари

Insoniyat yaralibdiki, hamma baxtli, saodatli bo‘lib yashagisi keladi, shunga intiladi. Kim uchundir to‘kin hayot, kim uchundir halovatsiz, zahmatli mehnat, kim uchundir sahroyi turmush tarzi dunyodagi eng afzal baxtdir.

Amudaryo tumanining Beshtom mahallasidagi Xo‘jako‘l aholi punkti hayoti bilan tanishgan odamning ko‘ngliga: "shu qaqroq adirda, jaziramada qanday yashashar ekan-a", degan o‘y kelishi shubhasiz.

Biroq ular bilan suhbatlashish jarayonida shunday sharoitda ham hech kimdan kam bo‘lmay turmush kechirayotganlariga, o‘z hayotlarini o‘zlari fayzli, mazmunli qilishga intilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Beshtom mahallasining Xo‘jako‘l aholi punkti qoq markazidagi qip-qizil adirlikda, daryo sathidan 30-40 metrlar yuqorida joylashgan, atrofi yam-yashil daraxtlar bilan o‘ralgan hovli 87 yoshli Boltaboy ota O‘tegenovning katta o‘g‘li – Marat O‘tegenovniki.

Boltaboy og‘a O‘tegenov asli nazarxonlik. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Nukusdagi qishloq xo‘jalik texnikumida o‘qidi. Ovuliga qaytib, xo‘jalikda kassirlik qilayotgan davrlarida, 1970 yilda uni Xo‘jako‘lda yangidan tashkil etilgan parrandachilik fabrikasiga rahbar qilib yuborishgan. Ko‘l bo‘yida har biri 70-100 metrlik bir necha tovuqxona, o‘rdakxonalar bo‘lgan.

– Ishlarim juda yaxshi edi. Fabrikada kuniga 19-20 ming tuxum topshirgan vaqtlarimiz bo‘lgan. Bu yer aholisining ko‘pchiligi 1970 yilda parrandachilik fabrikasi ishga tushirilgach, ishga kelib, o‘tirimli bo‘lib qolgan odamlar. 1982 yilda ko‘l qurigach, fabrika ham yopildi. Biroq aholi shu yerda yashab qoldi. Ko‘pchiligi adirdan pastda dehqonchilik bilan, ayrimlari chorvachilik bilan shug‘ullanishadi.

To‘g‘risini aytsam, bu yerda tumanimizning boshqa hududlariga qaraganda tirikchilik og‘ir. Shunday bo‘lsa-da, hech kimning ko‘chib ketgisi kelmaydi. Axir shu yerda farzandlar ko‘rib, kamolga yetkazdik, qiz uzatib, kelinlar tushirdik, unib-o‘sdik, – deydi otaxon.

Ha, Boltaboy O‘tegenovning shu sahroni ko‘zi qiymaganicha bor. Axir turmush o‘rtog‘i, rahmatlik Klara Davlatboyeva bilan 7 nafar farzandni kamolga yetkazib, ularning barini kasb-korli, ilmli, uyli-joyli qilishgan. Atrofi nevara, chevaralarga to‘lgan.

U qoraqalpoq millatidan bo‘lsa-da, shu yerdagi o‘tirimli, asosan qozoq, o‘zbek oilalari bilan tug‘ishgan og‘a-inidek bo‘lib ketgan, hammasining quvonch-tashvishi bir. Kimningdir uyiga mehmon kelsa, qo‘shnilar ham uyiga chorlab, siylaydigan mehr-oqibat mujassam bobomeros an’analar bor. Shu oilalarda yashovchi katta-yu kichik barcha bir-birini yaxshi taniydi. Boltaboy ota kabi keksa nuroniylarning izzat-hurmatini joyiga qo‘yadi.

Otaxonning katta farzandi umr bo‘yi elektrik bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqqan Marat O‘tegenov turmush o‘rtog‘i Qirmizi Qurboniyozova bilan ikki o‘g‘il, ikki qizni voyaga yetkazib, oliy ma’lumotli qilishdi, farzandlari ham, kelinlari ham o‘qituvchi, onasining izdoshi. Qirmizi Qurboniyozova 47 yil 54-sonli maktabda ishlagan bo‘lsa, shuning 35 yilida rahbarlik qilgan, hozir 11 nafar nevaraning buvisi.

Boltaboy ota O‘tegenov 2 nafar qizi, 5 nafar o‘g‘illarining iqbolidan quvonib yashagan har damiga shukrona aytadi, nevaralarining g‘amxo‘rliklaridan ko‘ngli tog‘day yuksaladi. Emin-erkin, yayrab ulg‘ayayotgan chevaralarining bag‘riga talpinishlaridan yayraydi. Ularni es-hushli, aql-farosatli, zukko bo‘lib ulg‘aysin, degan niyatda o‘z hayotidan ibratli hikoyalar, qoraqalpoq xalqining qiziqarli ertaklarini aytib beradi.

Mahalla yoshlar yetakchisi Husniddin Ashirboyevdan bu yerdagi xonadonlarni kelgusi qishgacha gazlashtirish choralari belgilanganini eshitib, yana ham quvonishdi.

Bir vaqtlar ko‘kalamzor daraxtlar bilan burkangan hududga tobora o‘z hukmini o‘tkazayotgan suvsizlik tufayli qaqroq adirga aylanayotgan Xo‘jako‘l hayotini mehr-oqibat, do‘stlik-birodarlik nurafshon etib turganday.

Qanday yashash – har kimning o‘ziga bog‘liq, deydi donolar. Chindan-da, agar Xo‘jako‘lda bir oila farzandlariday umrguzaronlik qilayotgan, o‘z hayotlaridan mamnun o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq xalqlarining hayotiga bir nazar solgan kishi buning isbotini ko‘ra oladi.

Oygul RAJABOVA.