Xotin-qizlar faolining bir ish kuni

Туман янгиликлари

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022 yil 1 mart kuni xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda yurtboshimiz “Agar xalqimizni rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi” degan edilar.

Bu maqsad mamlakatimizning “Taraqqiyot strategiyasi”da eng muhim yo‘nalishlardan biri qilib belgilangan. Ularning ijrosini tizimli ravishda har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Respublikamizning barcha hududlaridagi singari Amudaryo tumanining barcha ovul va mahallalariga ochiq tanlov asosida xotin-qizlar faollari tayinlandi.

Bugungi kunda xotin-qizlar faollar o‘z mahallasidagi ayol-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, muammolarini hal qilish yo‘lida sidqidildan mehnat qilib kelishmoqda.

Jumladan, Amudaryo tumani Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar faoli Saylixan Muratbayeva ham o‘z mahallasidagi xotin-qizlar bilan birma-bir suhbatlashib, yordamga muhtoj ayol-qizlarning muammolarini hokim yordamchisi Rustam Rahimov bilan hamkorlikda hal qilinishiga erishmoqda.

Ma’lumot uchun, Choyko‘l ovulida jami 1 ming 79 ta xonadonda 6 ming 945 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 3 ming 478 nafarini ayollar tashkil etib, ushbu ayollardan 107 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan.

“Ayollar daftari” kiritilgan ayollarni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida xotin-qizlar faolining tashabbusi bilan Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini binosida savat to‘qish kurslari yo‘lga qo‘yildi. 20 dan ortiq shogirdlariga savat to‘qishning sir-asrorlarini o‘rgatib kelayotgan Dilbar Gulmurzayeva qizlarning intiluvchanligi, tirishqoqligidan mamnun.

Qizlar to‘qigan savatlarini katta-kichikligiga qarab 50 mingdan 100 ming so‘mgacha sotib, daromad ko‘rishmoqda.

 Xotin-qizlar faoli ish kunlari davomida mahallaning faol, yoshi ulug‘ onaxonlari bilan suhbatlashib, maslahatlarini oladi. 5 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan, ularni uyli-joyli qilib, oqil farzandlar qilib tarbiyalagan Jumaboy Kamalov hamda Gulsara Kamalovalar bugun farzandlarining rohatini ko‘rib, keksalik gashtini surishmoqda.

Xotin-qizlar faoli yosh oilalar o‘rtasida kelib chiqqan nizolarni bartaraf etishda Gulsara opa singari onaxonlar bilan hamkorlikda harakat qilib, ajrim yoqasiga kelib qolgan 9 ta oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Xotin-qizlar faolining bevosita aralashuvi va yordami bilan mahalladgi tadbirkorlik qilish istagidagi ayollarga ham alohida e’tibor va yordamlar ko‘rsatilmoqda. Jumladan, bugungi kunda xotin-qizlar faolining sa’y-harakatlari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz ayollarning 24 nafari ishga joylashtirilib, bandligi ta’minlandi. “Ayollar daftari” ga kiritilgan 2 nafar ayolga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi.

Ayni kunlarda ushbu ayollar tomorqasidagi issiqxonalarda poliz mahsulotlarini yetishtirib, daromad ko‘rishmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mahalladagi xotin-qizlar faoli Saylixan Muratbayevaning ayol-qizlarning muammolarini hal qilish borasida amalga oshirayotgan tizimli ishlaridan mahalladoshlari mamnun. Ular har qanday masalada xotin-qizlar faoliga murojaat qilishmoqda. O‘z navbatida murojaatlar ham o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.