76-SONLI MAKTABNING ASOSIY BINOSI RЕKONSTRUKSIYA QILINIB, 360 O‘RINLI QO‘SHIMCHA BINO QURILMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz yangi davrga qadam qo‘yayotgan, yangilanishlar shiddat bilan kechayotgan hozirgi davrda maktab ta’limini rivojlantirish eng ustuvor vazifalar qatorida turibdi. Chunki har qanday davlat kelajagi bilimli, fidoyi insonlarga bog‘liq. Maktablarning inson shaxsi kamolotidagi o‘rni beqiyosdir. O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish aynan ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan.

Keyingi yillarda yangi massivlar qurilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi soni o‘sishi mavjud maktablarning ayrimlarida qo‘shimcha o‘quv binolari qurilishi zaruratini yuzaga keltirdi.

Amudaryo tumanining Toshyop ovulida, Mang‘it shahri bilan chegaradosh hududda, aylanma yo‘l bo‘yida joylashgan 76-sonli maktabda ham shunday zarurat yuzaga kelgan edi. Mazkur maktabda shu paytga qadar 22 ta sinfda 216 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan edi. Hududda yangi aholi massivlari qurilayotgani, o‘quvchilar soni tobora ko‘payib borayotgani inobatga olinib, maktabni rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha 380 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan yangi bino qurilishi boshlab yuborildi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun 4 milliard 327 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan. Qurilish ishlari Saidakbar Saidahmedov rahbarligidagi “Temir beton” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Qurilish ishlari 108 kun ichida yakunlanishi reja qilingan. Hozirgi kunda asosiy binoning tomini shiferlash, ichki va tashqi pardozlash ishlari bilan bir qatorda qo‘shimcha yangi bino qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Ishchi-quruvchilarga ishlash uchun munosib sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ikki mahal issiq ovqat, choy bilan ta’minlangan. Ularning unumli mehnatlari tufayli asosiy binodan tashqari qo‘shimcha binoning birinchi qavatida g‘isht terish ishlari sifatli tarzda, belgilangan jadval asosida olib borilmoqda. Binoning g‘isht terib bo‘lingan qismlariga esa beton plitalar yotqizilmoqda.

Shu kungacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan asosiy binodagi rekonstruksiya va qo‘shimcha bino qurilishi ishlarining ellik foizi ado etildi va quruvchilar ishlarni jadal sur’atlarda davom ettirishmoqda.

Qisqa qilib aytganda, chor-atrofi anvoyi gullar, mevali, manzarali daraxtlar bilan bezangan 76-sonli maktab hududida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Maktab o‘quvchilari yangi 2022-2023 o‘quv yilini rekonstruksiya qilinib, o‘qish uchun qulay sharoitlar yaratilgan sinfxonalarda boshlashadi. Qo‘shimcha bino qurilishi natijasida maktabda 12 ta yangi sinfxona paydo bo‘ladi. Bu yerda ta’lim olayotgan Mang‘it shahrining Olmazor mahallasi hamda Toshyop ovuli, Bosuv mahallasi hududlarida yashovchi o‘quvchi yoshlar yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, puxta ta’lim olishga intiladilar, degan niyat bilan maktab jamoasining kelusi o‘quv yilidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Oygul RAJABOVA.