YOSHLAR YETAKCHISI MAHALLA YOSHLARI FAOLLIGINI OSHIRMOQDA

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining Arnabo‘yi mahallasida 774 xonadonda jami 4148 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shulardan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 2248 nafar va 16-30 yosh toifasidagi yoshlar soni 958 nafarni tashkil etadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, ayollar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektori mahalladagi har bir oilada bo‘lib, hamjihatlikda ish faoliyatlarini olib bormoqda. Yoshlardan kelgan har qanday murojaat, muammo va takliflarning ijobiy yechimlarini topib, mahallada tinchlik va totuvlikni saqlab kelishmoqda.

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga astoydil harakat qilayotgan yoshlar yetakchisi bilan nafaqat mahalla sardorlari, balki boshqa uyushmagan yoshlar ham hamjihatlikda harakat qilishmoqda. Xususan, mahalla hududidan o‘tuvchi kanal ustiga nuroniy Haytimbat ota Tajiyev boshchiligida Xo‘jakent va O‘zbegim ko‘chalarini birlashtiruvchi, “Mang‘it Arna” kanali ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi ishlari olib borilmoqda. Yoshlar yetakchisi Shahzod Nuratdinov tashabbusi bilan mahalla sardorlari, faol yoshlar ko‘prik qurilishiga qo‘l mehnatlari bilan ko‘mak berishayapti.

Yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaqinda hunarmandchilikka qiziqadigan yoshlar usta-hunarmand Maxsud usta Abdurahmonovning uyiga borib, ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Hunarmandchilik orqasidan oila boqib kelayotgan Maxsud aka ularga ish faoliyatini qanday boshlagani, bugungi ishlari haqida so‘zlab, hunarli kishi xor bo‘lmas, deb o‘z maslahatlarini berdi.

Yoshlarga berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish maqsadida Behzod Nurullayev, Zulxumor Saparova, Ozoda Jumaboyeva, Mavluda Haytboyeva va Farhod Sidabullayevlarning bandligini ta’minlash maqsadida 3 yilga imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi.

Shu kunga qadar mahallada har bir yoshning uyiga borib, muammo va takliflarini, bandlik holatini, ta’lim ma’lumotini hamda salomatlik holatlarini aniqlab chiqib, yoshlar balansi tuzib olindi. Yoshlar balansi orqali “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturi” shakllantirildi hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan har bir yoshga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Hozirgi kunga qadar 93 nafar ishsiz yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ularning 86 nafariga uzoq muddatli ijaraga yer berildi va bandliklari ta’minlandi.

Jumladan, 76 nafar yoshga 10 yilga ijara asosida dehqonchilik qilishlari uchun yerlar ajratildi, 5 nafariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar berildi. 2 nafarining jamoatchilik asosida bandligi ta’minlandi, yana 2 nafarining harbiy safarbarlik chaqiruvi rezervi badali qoplab berildi hamda 1 nafar yoshga haydovchilik kursi xarajatlarining 75 foiz qismi qoplab berildi.

Amalga oshirilayotgan buningdek sa’y-harakatlar natijasida mahalla yoshlarining jamiyat hayotiga daxldorligi mustahkamlanib, ertagi kun uchun mas’uliyati ortmoqda.

Sevara ISMOILOVA, QDU talabasi.