AMUDARYODA EKSPORTBOP UZUM YETISHTIRILMOQDA

Туман янгиликлари

Ulug‘ Amir Temur bobomiz o‘z zamonasida: “Ming nafar qo‘lidan ish kelmaydigan, tadbirsiz odamdan bir nafar tadbirkor afzal”, deganlarida el-yurt obodonchiligi, ona Vatan farovonligini ta’minlovchi qudratli kuch – tadbirkor, ishbilarmon insonlarni ulug‘laganlar va bu boradagi fikr-u siyosatida sobit turib, ana shu toifa insonlarni g‘oyat qadrlaganlar.

Oradan necha asrlar o‘tsa hamki, nafaqat alohida mamlakatlar, balki dunyo iqtisodiyotining taraqqiy etishida ham tadbirkorlik faoliyatga e’tibor va rag‘bat tobora oshib bormoqda. Mustaqil O‘zbekistonimizda tadbirkorlik sohasi yil sayin jadal rivojlanib, mamlakatimiz, xalqimiz farovonligini ta’minlovchi yetakchi kuch vazifasini o‘tamoqda. Amudaryo tumanida ham sohaga qaratilayotgan e’tibor tufayli iqtisodi yuksalib, nafaqat o‘ziga, balki xalqimizga ham manfaat keltirayotgan tadbirkorlar talaygina.

Azimboy Jumamurodov 2017 yilda “Mang‘it omad savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etganida korxona hisob raqamida bank kredit mablag‘idan boshqa daromadi yo‘q edi. Bog‘dorchilik sohasiga, ayniqsa, uzumchilikka alohida ixlos qo‘ygan Azimboy sohaga oid ilmiy adabiyotlarni izlab topib, o‘qib-o‘rganishdan, taniqli bog‘bonlar tajribasi bilan tanishish va o‘z faoliyatiga tatbiq etishdan aslo charchamadi.

Bir necha marta O‘zbekistonning vodiy viloyatlariga safar uyushtirdi. Tajribali uzumchilik xo‘jaliklari rahbarlari, bog‘bonlari, soha mutaxassislari bilan uchrashib, tok o‘stirish, ko‘paytirish, parvarishlash, qo‘yingki, sohaga oid jamiki agrotexnik tadbirlar yuzasidan maslahat va tavsiyalar oldi. Hatto yetishtirilgan uzum mevasini qishga saqlash bo‘yicha qimmatli tajribalarini erinmay o‘rgandi. O‘zi mustaqil o‘rgangan bilim va amaliy tajribalari asosida ishni tashkil etishga harakat qildi.

O‘rganganlari asosida shu narsaga amin bo‘ldiki, Amudaryo zaminida ham sersohil uzumzorlarni bunyod etish, hatto yuqori hosil olish imkoni mavjud. Muhimi, Amudaryo tumani iqlim sharoitida pishib-yetilgan uzum mevasi O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan ancha shirin bo‘lishini amalda ko‘rgach, 2020 yilda qo‘shimcha 12 gektar yer olib, korxonasini bog‘dorchilik klasteri sifatida qayta tashkil etdi. Yana vodiy viloyatlariga borib, eksportbop uzum ko‘chatlarini olib keldi. Asosan Andijon toifi navidan iborat 12 gektarlik uzumzor bog‘da nihollarning to‘liq unib-o‘sib ketishi uchun fidoyilik bilan mehnat qildi.

Klaster korxonasi tashkil etilishi bilan 10 nafar yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi. Mavsumiy ishlarga jalb qilingan 40 nafar yoshlarga esa kunbay ish haqi to‘lanayotgani uchun uzumzor bog‘da barcha ishlar reja asosida olib borilmoqda.

Ayni paytda klaster korxonasi rahbari Azimboy Jumamurodovning rejalari katta. Joriy yil kuzda uzumzor bog‘lan ilk hosil xirmonini ko‘tarishga taraddud ko‘rayotgan klaster korxonasida sig‘imi 1000 tonnalik zamonaviy muzlatgich qurib bitkazildi.

Asosiy hosilni Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilishni rejalashtirgan korxona rahbariga barcha oila a’zolari yaqin ko‘makdosh. Ukalari Nizomjon, Ilhomjon, Ikromjon Jumamurodovlar o‘zlarining doimiy va daromadli ish bilan bandligini ta’minlagani uchun Azimboy akasidan minnatdor.

Bu yil klaster korxonasi ishchilari safiga Jumamurodovlar oilasining uchinchi avlodi ham kelib qo‘shilishdi. Yosh sohibkor bog‘bonlar Sardor, Sarvar va Sanjar Safarboyevlar uzum toklarini parvarishlash, zangi va bag‘azlarga bog‘lash, oziqlantirish ishlarini puxta o‘rganib olishgan. 12 gektarlik yangi uzumzor bog‘da esa mo‘l hosil va bo‘lajak daromaddan darak berib, uzum g‘o‘ralari quyosh nuridan bahra olib, pishib-yetilmoqda.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.