PЕNSIYA VA NAFAQA TAYINLASHDAGI O‘ZGARISHLAR

Туман янгиликлари

Respublikamizda  keksa avlod vakillariga bo‘lgan e’tibor, ularni har tomonlama ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash doimo davlatimiz rahbarining diqqat markazida turibdi. Moliya Vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari  Pensiya jamg‘armasi  Amudaryo tuman bo‘limida  2022 yil –“Inson qadrini ulug‘lash va faol maxalla yili” Davlat dasturi asosida bir qancha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Tumanimizda  2022 yil 1-iyul xolatiga jami pensiya, ijtimoiy nafaqa oluvchi pensionerlar 25149 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, shundan yoshga doir pensiya oluvchilar 18414 nafar, nogironlik bo‘yicha oluvchilar 2629 nafar, boquvchisini yo‘qotganlik oluvchilari 1147 nafarni, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar, nogironlarga va boquvchisini yo‘qotganlar uchun ijtimoiy nafaqalar 2959 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevraldagi    “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-74-sonli Farmoniga  muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlar joriy etildi. Jumladan:
1. 2022-yil 1-apreldan boshlab mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mgacha oshirildi.
2. 2022-yil 1-apreldan boshlab:
a) o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi joriy etildi.
Bunda, parvarishlash nafaqasini to‘lash va yetkazib berish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
b) parvarishlash nafaqasi fuqarolarning Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga qilgan murojaatlari asosida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanishi va to‘lanishi belgilangan.
3. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-apreldan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalar to‘g‘risidagi hamda 2022-yil 1-oktabrdan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda taqdim etib borish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 apreldagi Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi PF-128-sonli Farmoniga  muvofiq, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini inflyatsiya darajasiga qarab indeksatsiyalab borish hamda tegishli ijtimoiy to‘lovlar miqdorining minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmasligini ta’minlash maqsadida:
1. 2022 yil 1 maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi.
2. 2022 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 324 000 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 633 000 so‘m;
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 698 000 so‘m;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 698 000 so‘m;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (633 000 so‘mdan) 698000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 698 000 so‘m etib belgilandi.
3. Pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorlarda belgilash maqsadida 2022 yil              1 maydan boshlab:
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 500 000 so‘m;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 185 000 so‘mdan qo‘shildi;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 500 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanishi belgilandi.


Budjetdan tashqari Pensiya jamgarmasi
Amudaryo tuman bo‘limi boshlig'i Q.Ismailov