“No‘g‘ay eshon” jom’e masjidining yangi binosi qurilishiga ilk g‘isht qo‘yildi

Туман янгиликлари

Masjid – mo‘’min-musulmonlar uchun ibodat maskanidir. Ruhiy ozuqa oladigan va o‘zaro birodarlik rishtalarini mustahkam bog‘laydigan masjidlarning bunyod etilishi, mavjudlarining ta’mirlanib, ibodat qiluvchilar uchun qulay holatga keltirilishi yurtdoshlarimizning ayni ko‘nglidagi ishlardir.

Ma’rifat va ruhiy tarbiya maskani hisoblanmish masjidlarning Amudaryo tumanida ham bunyod etilayotgani barcha uchun quvonarli, albatta.

Shu yilning 30 iyulida tumanning Choyko‘l ovuli aholisi hayotida unutilmas voqea bo‘ldi: hududdagi imorati eskirib, bugungi kun talablariga javob bermay qolgan “No‘g‘ay eshon” jom’e masjidining yangi binosi qurilishiga tamal toshi qo‘yilgan, tegishli tashkilotlar ruxsatnomasi asosida maschid binosini qaytadan bunyod etish ishlari boshlangan edi.

Poydevori bitkazilgan bino devoriga ilk g‘ishtni shu kuni tumanimizga xizmat safari bilan tashrif buyurgan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamsiddin Baxao‘addinov qo‘yib berdi va masjid qurish, uni obod maskanga aylantirishning qanchalik ulug‘ savob ish ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda ishtirok etgan tuman bosh imom-xatibi Abdurahman Matsafoyev va boshqalar yangi masjid binosining barcha mo‘’min-musulmonlarga hidoyat tarqatuvchi, yoshlar ma’rifatining yuksalishiga hissa qo‘shadigan qutlug‘ dargoh bo‘lishini ta’kidladilar va masjid qurilishida ishlayotgan, qurilishga beminnat moddiy yordam berayotgan insonlarga ulkan minnatdorchilik bildirishdi.

Masjid binosi qurilishiga ilk g‘isht qo‘yish marosimida tumanimiz ulamolari, mahalla faollari, nuroniy otaxonlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda choyko‘llik nuroniylar ham so‘zga chiqib, masjid binosi qayta qurilishi mo‘’min-musulmonlarning ibodat qilishlariga qulay sharoit yaratishi va ma’rifat maskaniga aylanishiga zamin bo‘lishini ta’kidladilar, buningdek savobli ishga fatvo bergan mutasaddi tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdilar.

Mustaqillik tufayli yurtimizda muqaddas islom dinimizga emin-erkin e’tiqod qilish, jom’e masjidlari qurish va ularda jamoat bo‘lib namoz o‘qish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Fuqarolarning boshqa huquq-erkinliklari qatori vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgani bugun hududlarda yangi-yangi masjidlar binolari bunyod etilayotganida ham yaqqol namoyon bo‘layotir.

Choyko‘l ovulida yangi me’moriy uslubda, milliy andozalarga mos qurilayotgan masjid binosi ham zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi xalqimizning diniy savodxonligini oshirishga, namoz ibodatlarini qulay sharoitlarda ado etishiga xizmat qiladi.

Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar qurilayotgan masjidning yurtimiz musulmonlariga xayrli bo‘lishini, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik tilab duolar qildilar.

Oygul Rajabova