“Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning uylari ta’mirlab berilmoqda

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda butun Respublikamiz bo‘ylab “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayol-qizlar bilan ishlash tizimining 3-bosqichi davom etmoqda. 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarni xonadonma-xonadon yurish orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari joriy yil 10 fevral kunida nihoyasiga yetkazilgan edi. Ushbu bosqichda ayol-qizlarning muammolari qaytadan o‘rganildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bironta ham xotin-qiz e’tibordan chetda qolib ketmasligiga alohida e’tibor berildi.

 Bugungi kunda Amudaryo tumanida kam ta’minlangan va ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolarini “mahallabay” o‘rganish va hal etish hamda ularni ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan uy-joyga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan ayollarga arzon-uy joylar uzoq muddatga imtiyozli kredit evaziga berilmoqda. Shuningdek, uyi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan ayollarning uylari ta’mirlab berilmoqda.

Yaqinda tumandagi 2-sektor rahbari − tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov sektor hududidagi mahallalarda yashovchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar holidan xabar olib, uy-joylarning ta’mirlanish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Jumladan, tuman prokurori Farovon, Besh ovul, Ayoqchi va Do‘stlik mahallalari, Qilichboy va O‘rta qal’a ovullarida istiqomat qiluvchi ayollarning uylarini ta’mirlash ishlari jadal olib borilayotganining guvohi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, 3-bosqich “Ayollar daftari”ga bandligi ta’minlanmagan, ammo ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan, boquvchisi vafot etgan yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, ruhiy kasallikka chalingan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, boquvchisi bedarak yo‘qolgan hamda nikohi bekor qilingan yolg‘iz ayollar, shuningdek, mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga, uy-joyga muhtoj, noturar joylarda istiqomat qilayotgan va qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritilgan.

Qolaversa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning muammolarini hal etish maqsadida tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi qoshida turli soha vakillaridan iborat shtab tashkil qilingan.

Shtab a’zolari o‘zlariga biriktirlgan mahallarda bo‘lib, xotin-qizlarning muammolarini hal qilishda faollik ko‘rsatmoqdalar. Undan tashqari, mahallalarda yangidan ish boshlagan xotin-qizlar faoli sektor rahbarlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, mahalladagi ayol-qizlarning muammolarini ijobiy hal etishda tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Ayol – jamiyat ustuni. Uning jamiyatdagi mavqe’ini mustahkamlash, qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. “Ayollar daftari”da turgan ehtiyojmand ayol-qizlarning uy-joylarini ta’mirlash borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan ham ayolni rozi qilishdek ezgu maqsad ko‘zlangan. Zero, ayol o‘tayotgan har bir kunidan rozi bo‘lib, ertangi kuniga ishonch bilan yashasa, sog‘lom va barkamol avlodni dunyoga keltiradi. Sog‘lom va barkamol, ma’nan yetuk avlodlar esa jonajon O‘zbekistonimizning kelajagidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati