“Tashabbusli budjet” loyihasida g‘olib bo‘lgan takliflar ijrosi ta’minlanmoqda

Туман янгиликлари

“Tashabbusli budjet” loyihasi joylardagi ijtimoiy muammolarni yechishda aholini birlashishga, jamoaviy qarorlar qabul qilishga o‘rgatmoqda. Qolaversa, bu jamoatchilik nazoratining kuchayishiga, mahalliy deputatlarning faollashuviga hamda davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga ham xizmat qilmoqda.

Amudaryo tumanida ham fuqarolar “Tashabbusli budjet” jarayonida faol ishtirok etishdi. 1-bosqichda fuqarolar tomonidan kiritilgan jami 11 ta taklif g‘olib deb topildi. Bugungi kunda loyiha doirasida g‘olib bo‘lgan takliflar ijrosi ta’minlanib, qurilish, ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

To‘lqin ovuli aholisi ovul hududdagi 33-sonli maktabga farzandlarining xavfsiz borib-kelishlari uchun piyodalar yo‘lakchasini qurish taklifini bildirishib, bir yoqadan bosh chiqargan holda “Tashabbusli budjet” jarayonida faol ishtirok etishdi va ushbu loyiha g‘olib deb topildi.

Bugungi kunda piyodalar yo‘lakchasini qurish ishlari “Jayxun master stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 63 foizga bajarildi. Qurilish ishlariga jami 300 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lib, quruvchilar piyodalar yo‘lakchasini mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida qurib bitkazishni rejalashtirganlar.

Shuningdek, tumanning Tor yop mahallasida istiqomat qiluvchi aholi ham jarayonda faol ishtirok etishib, mahalla hududidan o‘tuvchi 2,2 km uzunlikdagi Tor yop – Qilichboy avtomobil yo‘liga asfalt qoplama yotqizish taklifini bildirishdi va ovoz berish jarayonida faol ishtirok etishdi. Mazkur loyiha ham g‘olib deb topilib, bugungi kunga qadar Beruniy tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan ta’mirlash ishlari 60 foizga bajarildi.

Undan tashqari, mahalla hududidagi Dehqonbirlik ko‘chasining 1 km qismini avval tuproq bilan ko‘tarish va keyin tosh yotqizish taklifi ham ko‘p ovoz to‘plagani sababli tuman mahalliy budjetidan moliyalashtirildi. 200 mln. so‘m mablag‘ evaziga “To‘liboy-Yo‘ldosh-Sherman” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bu ishlar sifatli tarzda yakuniga yetkazildi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, “Tashabbusli budjet” loyihasi aholining ijtimoiy muammolarini yechishning yagona yo‘li bo‘lmasa ham, odamlarni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni hal etishda muhim vosita bo‘lmoqda.

Budjet ochiqligini ta’minlash borasidagi islohotlarning amaliyotga joriy etilishi birinchidan, davlat budjetining samarali ishlatilishini ta’minlasa, ikkinchidan jamoat nazoratining kuchayishiga xizmat qiladi. Uchinchidan esa fuqarolar yordamida uzoq yillardan beri hal bo‘lmayotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va yechilishini ta’minlash imkoniyat yaratiladi.

Budjet ochiqligini ta’minlashning yana bir muhim jihati shundaki, jamoatchilik o‘zi bildirgan va ovoz bergan taklifning moliyalashtirilishi va ishlarning sifatli bajarilishini nazorat qiladi. Bu esa pudratchi tashkilotlar tomonidan budjet mablag‘larining talon-taroj qilinishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi.

Shuning uchun aholining turmush farovonligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarini hal etish, ularga munosib yashash sharoitlarini yaratish maqsadida budjetdan ajratiladigan mablag‘larni taqsimlash jarayonida fuqarolarimiz ishtirokini kengroq ta’minlanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.