PRЕZIDЕNT ADMINISTRATSIYASI VAKILI BOSHCHILIGIDAGI ISHCHI GURUH TOMONIDAN SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida Prezident administratsiyasi vakili Akbar Jonuzoqov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.

Joriy yilning 7 avgust kuni tuman hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda ishchi guruh a’zolari aholining sud-huquq sohasidan tashqari barcha masalalar, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy masalalardagi murojaatlar tinglashdi. Qabul davomida Nukus shahri, Xo‘jayli, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolar ishtirok etib, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammoli masalalar bilan mas’ullarga murojaat qildilar.

Xususan, sohalar kesimida uy-joy ta’mirlash va moddiy yordam bo‘yicha 8 ta, sog‘liqni saqlash sohasidan 7 ta, kommunal xizmatlar bo‘yicha 7 ta, kredit bo‘yicha 6 ta, kadastrga doir 5 ta, ta’lim yo‘nalishida 5 ta, bandlik masalalari yuzasidan 4 ta, yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha 2 ta, uy-joy bilan ta’minlashga doir 2 ta va boshqa masalalarga doir yana 52 ta murojaatlar qabul qilindi.

Jumladan, Amudaryo tumanidagi Jumurovul mahallasida yashovchi Mahbuba Erkinbayeva yuragi kasal bo‘lgan otasini davolatishda, Besh ovul mahallasida yashovchi Dilmurod Qurbaniyazov onkologik kasallik bilan xastalangan onasini, Qangli ovulida yashovchi Bahrom Saparov qon kasalligi bilan kasallangan qizini davolatishda amaliy yordam so‘rashdi. Shuningdek, Namuna mahallasida yashovchi Jumaboyeva Darmon davolanishi uchun respublika shifoxonasiga yo‘llanma olishda yordam so‘rab murojaat qildi.Undan tashqari, Farovon mahallasida yashovchi Baxtiyor Do‘schanov, Qilichboy ovulida yashovchi Ixtiyor Saparbayevlar elektr energiyasi kuchlanishi past bo‘lganligi sababli yangidan transformator o‘rnatib berishni, Kuyuk ko‘pir ovulida yashovchi Shoira Eshchanova, Gulzor mahallasida yashovchi Nodira Yakubovalar esa ishga joylashishlariga ko‘maklashishni so‘rab mas’ullarga murojaat qilishdi.

Sayyor qabulda mas’ullar tomonidan 98 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi, shundan 39 tasi ijobiy hal qilindi, 12 tasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi hamda 47 ta murojaat nazoratga olindi.

Qabul davomida tuman aholisini qiynayotgan tizimli muammolar ham tilga olindi. Xususan, Amudaryo tumandagi mavjud ichki yo‘llarning 61,7 foizi, ya’ni 889 kilometri o‘ta ta’mirtalab holatda bo‘lganligi hududlardagi aholining noroziligini keltirib chiqarayotganligi  aytildi. Shu sababli ichki yo‘llarga qum-shag‘al qoplamasi yotqizish masalasi o‘rganib chiqib, yechim topish va taklif kiritish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga kiritildi.

Shuningdek, tumanning Bo‘z-yop, Kuyuk ko‘pir, O‘rta qal’a, Bobur va Amir Temur nomli hamda Xitoy ovullarida yashovchi 6,3 ming nafar aholini ichimlik suvi va 13 ming gektar yer maydonni oqava suv bilan ta’minlovchi 1998 yilda qurilgan “Shixjamol” nasos stansiyasi hozirda ta’mirtalab ahvoldaligi, shu boisdan aholiga ichimlik suvi va oqava suv yetkazib berishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotganligi muammosi ham ko‘tarilib, bu masalani ham o‘rganib chiqish va yechim topish, ijobiy hal qilish bo‘yicha taklif kiritish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga topshirildi.

Prezident administratsiyasi vakili boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari ushbu muammolar o‘rganib chiqilib, bartaraf etilishida amaliy yordam berilishini aytib, aholining yashash sharoitini yaxshilash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidlashdi.

O.Xudoyberganova.