TOSHYOP OVULIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, aholining muammo va tashvishlarini tinglab, yechim topish va xalqni bugungi hayotidan rozi qilish asosiy vazifaga aylangan.

Shu yilning 5 avgustida Amudaryo tumanining Toshyop ovulida 4-sektor rahbari, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seyitov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov va tegishli idora-tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabul ham ana shunday maqsadga qaratildi.

Sayyor qabulda dastlab Aydos Seyitov o‘tkazilayotgan tadbirning maqsadlari haqida gapirdi va fuqarolarni hayotlaridagi muammo va kamchiliklarni asosli, ochiq bildirishga chaqirdi.

Shu kuni fuqarolardan mas’ullarga 12 ta murojaatlar kelib tushdi. Ularning 3 tasi ichki ko‘chalarni ta’mirlash masalasida, 5 tasi elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, elektr ustunlarini almashtirish masalasida, 2 tasi bank krediti, 2 tasi esa ota-onalardan oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan farzandlarining kontrakt pullarini to‘lab berish masalasida bo‘ldi.

Sayyor qabul davomida murojaatlarning 1 tasi joyida qanoatlantirildi. 1 tasiga asosli tushuntirishlar berildi. Qolgan 10 ta murojaatlar tegishliligi bo‘yicha idora va tashkilotlarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.

Shundan so‘ng Toshyop ovul fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Fahriddin Yusupovning hududda aholi, yoshlar bandligini ta’minlash va oilalarning doimiy daromadga ega bo‘lishini ta’minlash borasida amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishildi.

Faxriddin Yusupov ushbu lavozimga joriy yil boshida tayinlangan bo‘lsa, faoliyatini ovuldagi xonadonlarni o‘rganish, xatlovdan o‘tkazish va 4 ta toifaga ajratib olishdan boshladi.

Aytish joizki, ushbu ovulda jami mavjud 596 ta xonadon xatlovdan o‘tkazilib, ishsiz, kam ta’minlangan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, ishlash istagi bor, ijtimoiy-himoyaga muhtoj fuqarolar bilan alohida shug‘ullanildi.

Natijada shu kungacha fuqarolarga yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun jami 1 mlrd. 354 mln. so‘mlik kreditlar ajratildi. Shulardan 10 nafar fuqaro qo‘ychilik bilan, 2 nafar fuqaro issiqxonada sabzavotlar yetishtirish bilan, 3 nafar fuqaro asalarichilik bilan, 1 nafar fuqaro zotdor mollar parvarishlash bilan shug‘ullana boshladi. Shuningdek, 74 nafar fuqaro 10 yil muddatga ijaraga yer olib, dehqonchilik qilayapti.

Ovul hududida yil boshidan beri 5 ta mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi, 3 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat boshladi. 2 nafar fuqaroga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi.

Hokim yordamchisi aralashuvi bilan ancha yillardan beri muammo bo‘lib kelgan Ziynat va Uzumbog‘ qo‘chalarida tegishli tashkilotlar yordamida 720 metrli yo‘l chiqarildi. Tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan 1 ta umumiy ovqatlanish va savdo do‘koni hamda soatiga 1 tonna suvni tozalash uskunasi o‘rnatildi.

Faxriddin Yusupov ovul aholisining holidan muntazam xabar olib, muammo va kamchiliklarini bartaraf etishga intiladi. Uning faoliyati o‘rganilganda bu haqda batafsil e’tirof etildi.

Oygul RAJABOVA.