"BЕSh TASHABBUS OLIMPIADASI" MUSOBAQALARIDA QATNASHGAN AMUDARYOLIK SPORTCHILARGA SOVG‘ALAR TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

"Besh tashabbus olimpiadasi"ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faol ishtirok etgan amudaryolik sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

5 avgust kuni tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Ikrom Qudiyarov, Amudaryo tumani hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Qurbonboyev hamda "Besh tashabbus olimpiadasi"ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faol ishtirok etgan amudaryolik sportchilar qatnashishdi.

Tadbirda dastlab, “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida amudaryolik yosh sportchilarning faol ishtirok etgani, yurtimizning sport sharafini himoya qilishga astoydil harakat qilishgani, yoshlar o‘zlarining abjirligi, chaqqonligi va mahoratini ko‘rsatishga intilishgani xususida so‘z yuritildi.

Shunday sportsevar yoshlar ertaga jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tarishi, Vatanimiz nomini dunyoga tanitishiga ishonch bildirildi va yosh sportchilar bundan ham katta yutuqlar sari harakat qilishga ruhlantirildi.

Ta’kidlanganidek, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida yosh sportchilarimizdan 41 nafari musobaqa va ko‘rik-tanlovning keyingi, ya’ni Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Ushbu yoshlarimizning 16 nafari Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, esdalik sovg‘alari va mahallasiga sport inshooti qurish uchun sertifikatga ega bo‘lishdi.

Tumanimizdan futbol bo‘yicha 16-30 yosh toifasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik xizmati kubogiga jami 1 176 nafar yoshlar jalb etildi. Ushbu musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida tuman g‘olibi bo‘lgan Xolimbeg ovuli jamoasi ishtirok etdi. Andijon viloyatida o‘tkazilgan "Besh tashabbus olimpiadasi"da shashka musobaqalarida tumanimizning Xitoy ovulida yashovchi Sanobar Sharifboyeva 27-30 yosh toifasida ayol-qizlar o‘rtasida Respublika bosqichining mutloq chempionligiga erishdi.

Shuningdek, mazkur musobaqaning 16-21 yosh toifasidagi ayol-qizlar o‘rtasida Bobur nomli ovulida istiqomat qiluvchi Umida Ibragimova faxrli 2-o‘rinni egalladi hamda o‘z mahallasi hududiga sport maydonchasi qurib berilishi uchun maxsus sertifikatlarga ega bo‘lishdi.

Sportning stol tennisi turidan Nukus shahrida o‘tkazilgan Respublika bosqichi, "B" ligasi bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida 27-30 yosh toifasida tumanimizning Boy ovul mahallasida istiqomat qiluvchi Ma’mur Sharipov faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda u ham o‘z mahallasi hududiga sport maydonchasi qurib berilishi uchun maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida stritbol sport turining "B" va "C" ligasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosqichida munosib ishtirok etgan tumanimizning To‘lqin ovulining o‘g‘il bolalar jamoasi 22-26 yosh toifasida ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.

Toshkent viloyatida yengil atletika bo‘yicha "B" va "C" ligada O‘zbekiston Respublikasi bosqichida munosib ishtirok etgan tumanimizning Amir Temur nomli ovulining o‘g‘il bolalar jamoasi esa 16-21 yosh toifasida faxrli 2-o‘rinni, Navoiy mahallasining ayol-qizlar jamoasi 22-26 yosh toifasida qatnashib, mutloq chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu jamoalar ham o‘z mahallalari hududiga sport maydonchasi qurib berilishi uchun maxsus sertifikatga ega bo‘lishdi.

Ushbu yutuqlar haqida faxru iftixor bilan so‘z yuritgan respublika sport sohasi mas’ullari "Besh tashabbus olimpiadasi"ning yuqori bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan 48 nafar amudaryolik yosh sportchilarga esdalik sovg‘alarini topshirishdi. Sovg‘alarga ega bo‘lgan yosh sportchilar o‘zlariga ko‘rsatilgan e’tibordan mamnunligini aytib, minnatdorchilik bildirishdi.

O.Xudoyberganova.