Nazarxon ovuli yoshlari bilan tuman hokimining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, sport va boshqa yo‘nalishlarda iste’dodini namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rnini topishi uchun g‘amxo‘rlik tobora kuchaytirilmoqda. Chunki farovon hayot – mukammal tarbiyadan boshlanadi.

Shu boisdan yoshlarni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish doimo davlatimizning ustuvor maqsad-vazifalaridan bo‘lib kelmoqda.

Amudaryo tumanida ham bu borada ko‘pgina sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 4 avgust kuni Nazarxon ovul fuqarolar yig‘ini binosida yoshlar bandligini ta’minlash, muammo va takliflarini o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda munosib shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazilgani ham bu boradagi navbatdagi qadamdir.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov, tegishli tashkilotlar mutasaddilari hamda 30 nafarga yaqin faol yoshlar ishtirok etishdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev uchrashuvda dastlab mamlakatimizda yoshlarning yuksak marralarni egallashlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, cheksiz imkoniyatlar haqida to‘xtalib, yoshlarni o‘qib, bilim olishga, shijoat bilan olg‘a intilishga hamda Vatan xizmatiga yaraydigan munosib farzand bo‘lishga da’vat qildi.

Undan tashqari, “Erishgan yutuqlarimiz o‘zimizniki, biz xato va kamchiliklarni o‘rganib, ularni bartaraf qilishga harakat qilmog‘imiz kerak!” degan fikrni hayotiy shior qilib olish kerakligini ta’kidladi.

Tuman hokimi katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan, bilimga chanqoq, izlanuvchan tumanimiz yoshlari haqida ham o‘zining samimiy fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvda yoshlarning taklif va istaklarini o‘rganish, muammolarini hal etishga ko‘maklashish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar, uyushmagan yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash, yoshlarni madaniyat, san’at, kitobxonlik, axborot texnologiyalari to‘garaklari hamda sport va harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlarga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amaliyotga joriy etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng tuman hokimi bilan ochiq va samimiy suhbat boshlandi. Yoshlar asosan o‘zlarining savollari, takliflar hamda muammolari bilan tuman hokimiga murojaat qilishdi.

Uchrashuv davomida tuman hokimiga yoshlardan 5 nafari bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda ko‘mak berish, kasb-hunarga o‘qitish va boshqa o‘zlarini qiynayotgan muammolarni hal etishda ko‘mak so‘rab, murojaat qildi. Ushbu murojaatlarning 2 tasi shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, qolgan 3 tasini hal etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan savol va takliflarga batafsil javoblar berilib, amaliy va ijobiy natijalar ko‘rilishi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.