HOKIM YORDAMCHISI AHOLINING MUNOSIB HAYOT KЕCHIRISHIGA HISSA QO'SHMOQDA

Туман янгиликлари

Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq Amudaryo tumanining ovul va mahallalarida ish boshlagan hokim yordamchilari ham hududlarda ishsiz aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ularga munosib sharoitlar yaratishda muhim rol o‘ynamoqdalar.

Ular o‘zlari xizmat olib borayotgan ovul va mahallalarda har bir xonadonga tashrif buyurib, mavjud holatni o‘rgangan holda aholiga amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirmoqda, aniqlangan muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘rmoqda.

Shuningdek, hokim yordamchilari aholini, xususan, ishsiz yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilib, ularning bandligini ta’minlashga va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlariga ko‘maklashmoqdalar. Qolaversa, ular tomorqalardan unumli foydalanishni, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishni targ‘ib qilmoqdalar.

Tumanning Yuqori qishloq mahallasida ish olib borayotgan hokim yorlamchisi Doniyor Xudoyqulov o‘z faoliyatini fuqarolar yig‘ini raisi, yoshlar yetakchisi, ayol-qizlar faoli bilan hamjihatlikda xonadonlarga birma-bir tashrif buyurib, xatlovdan o‘tkazishdan boshladi. Xatlov natijalariga ko‘ra aholi 4 ta toifaga bo‘lib olindi va natijalarga qarab ular bilan ishlashish tartibi belgilandi.

Mahallada o‘rganishlar tufayli 68 ta xonadonda yashovchilar oilaviy daromadi kam, ishsiz a’zolari bor va biron faoliyat turi bilan shug‘ullanish istagida yurgani, 270 ta xonadonda yashovchilar esa doimiy daromadga ega bo‘lib, ularning ham qo‘shimcha daromad topish istagi bor ekanligini aniqlandi. Shuningdek, 19 xonadonda nogironligi bor, bemor, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, 128 ta xonadonda esa iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lgan aholi yashashi ma’lum bo‘ldi.

Hokim yordamchisi mahalladagi har bir oilaning o‘ziga to‘q, farovon yashashiga erishishni asosiy maqsad qilib oldi. Uning ko‘magi bilan shu kungacha aniqlangan 111 nafar ishsiz fuqarodan 73 nafarining bandligining ta’minlandi. 53 nafar fuqaroning mahalla dasturi orqali 781 million so‘mlik kredit olishiga ko‘maklashildi. Ularning 2 nafari baliqchilik, 3 nafari qo‘ychilik bilan shug‘ullanmoqda, boshqalari ham qishloq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyat boshladi.

Shuningdek, mahallada yashovchi Davronbek Xo‘jamurodov “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 31 million so‘m kredit olib, baliqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, Muxtor Ishmetov ushbu dastur asosida ikkilamchi yo‘nalishi uchun 5 million so‘m kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirdi.

Aholi turmush farovonligini oshirishning muhim sharti – bandlikdir. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, Yuqori qishloq mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha hokim yordamchisi Doniyor Xudoyqulovning olib borayotgan sa’y-harakatlari ham kelgusida o‘zining ijobiy natijalarini berishiga shubha yo‘q.

Oygul RAJABOVA.