Amudaryolik Hoji otaxon va onaxonlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi

Туман янгиликлари

8 avgust kuni Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi binosida hoji ota va hoji onalar, masjid imom-xatiblari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Nurulla Jamalov, tuman bo‘limi mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-qo‘vvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayev, tuman bosh imom-xatibi Abdurahmon Matsapayevlar hamda haj ziyoratini ado qilib kelgan hoji otaxon va onaxonlar ishtirok etishdi.

Haj − musulmonning irodasini, ixlosini, taqvosini, iymonini imtihon qiluvchi mas’uliyatli va mashaqqatli ibodatdir. Haj − Allohning roziligini topish, Undan gunohlar mag‘firatini so‘rashning eng qulay imkoniyatidir. U tavba-tazarruning, poklanishning, Allohga qurbat hosil qilish va Uning jannatiga erishishning vositasidir.

Yaqinda 25 nafar amudaryolik hoji ota va hoji onalar dunyodagi millionlab dindoshlarimiz qatori tabarruk yurtga borib, zimmalaridagi Allohning farzini bajarib qaytishdi.

Uchrashuvda tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-qo‘vvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayev hojilarni o‘z zimmaridagi muborak farzni ado etib, arkonlarni to‘liq bajarib qaytganliklari bilan samimiy tabrikladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Nurulla Jamalov barcha hojilarga ziyoratlari qabul bo‘lishini, bundan 6 ming yil avval Alloh taoloning amriga ko‘ra “payg‘ambarlar otasi” Ibrohim alayhissalom va uning o‘g‘li Ismoil alayhissalom bino qilgan Ka’bani 7 bora aylanib tavof qilish baxtiga muyassar bo‘lib qaytganliklari bilan muborakbod etdi.

Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar, muqaddas safar davomida gunohlarining mag‘firat qilinishini, yurtimizga, xalqimizga ravnaq va omonlik tilab duoi xayrlar qilishganini aytib o‘tishdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida hojilarga mahallalardagi tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlashish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, hamda har bir hojiga 1 nafar yoshni biriktirish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Darhaqiqat, oilaviy ajrimlarning oldini olishda, yoshlarning buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, har xil yot mafkuralarga aldanib qolmasliklarida hoji ota va hoji onalar tomonidan mahallalarda olib boriladigan tushuntirish-targ‘ibot ishlari katta ahamiyatga ega.

Ular o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, o‘git-nasihatlari, hamda muqaddas hadislardan misollar keltirib, yoshlarga ma’naviyat va ma’rifat ulashadilar.

Qolaversa, shiddat bilan rivojlanib borayotgan axborot asrida yoshlarning din mazmun-mohiyatini yaxshi tushunmay, turli aqidaparastlarga aldanib qolmasliklarida ham hoji ota va onalar tomonidan beriladigan diniy bilimlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv yakunida hojilar, imom-xatiblar, mahallalardagi nuroniylarning hamkorlikda ish olib borib, yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishlari hamda oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.